AQSh Rossiyani qo'shinlarini Gruziyadan olib chiqishga undamoqda


Qo'shma Shtatlar fikricha Rossiya o'tgan oy imzolangan sulh bitimiga zid ravishda Gruziyada minglab qo'shinlarini qoldirish uchun bahona qidirmoqda. Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormakning aytishicha, Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyadan ham qo'shinlarini olib chiqishi zarur.

"Rossiya o'z bo'yniga olgan majburiyatlardan, o'z prezidenti imzosini qo'ygan hujjatdan qanday qilib bo'lsa ham o'zini chetga olishga harakat qilyapti. Rossiya Gruziyadan chiqib ketishi kerak," deydi Makkormak.

Sulh bitimi Fransiya vositachiligida Gruziya va Rossiya tomonidan imzolangan edi. Rossiya qo'shinlarini Janubiy Osetiya va Abxaziyadan chiqarmay turib bu ikki hudud mustaqilligini tan olgan. Xalqaro hamjamiyat qarshiligiga qaramay.

"Rossiya hukumatining 3,800 nafar askarni bu ikki hududda qoldirish rejasi bitimga bevosita ziddir," deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Bugun Interfaks axborot agentligining xabar berishicha, Janubiy Osetiya Shimoliy Osetiya bilan birlashib Rossiya tarkibiga kirish niyatini bildirgan. Ammo Janubiy Osetiya rahbari Eduard Kokoyti shu bugunoq mazkur xabarlarni inkor etgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Janubiy Osetiya Rossiya tarkibiga kirishni rejalayotgani yo'q degan.

XS
SM
MD
LG