Mustaqil tekshiruv Kreml da'volarini puchga chiqarmoqda


Nodavlat inson huquqlari tashkilotlarining Janubiy Osetiyada to'plagan ma'lumotlariga ko'ra, Gruziyadan ajralib chiqqan mintaqada tashviqot kampaniyasi kuchli ildiz otgan. Tinch fuqarolar muntazam tahdid ostida. Hisobot Rossiyada asoslangan mustaqil "Memorial" tashkiloti va Human Rights Watch ning Moskvadagi sho'basi tomonidan tayyorlangan.

Inson huquqlari tashkilotlari vakillari Janubiy Osetiya poytaxti Sxinvali, bir necha osetin va gruzin qishloqlarida olti kun bo'lib ma'lumot to'plagan. Ularga ko'ra mintaqada vaziyat mojarodagi har ikki tomon tashviqotchilari ta'riflaganidan murakkabroq. Masalan, Rossiya va Janubiy Osetiyaning urush qurbonlarining soni bo'yicha da'volarida noaniqlik borligi ta'kidlanadi. Gruziyaning Sxinvaliga hujumi oqibatida ikki ming kishi o'lgan deyiladi, ammo huquq faollari bu raqamlarni tasdiqlay olmagan. Ya'ni na Janubiy Osetiya va na Rossiyaga tegishli davlat idoralarida bu borada aniq ma'lumot bor. Bu hol kasalxonalar va qabristonlarga tashrif chog'ida ham tasdiqlanmagan, deyiladi hisobotda.

Memorial vakili Aleksandr Cherkasovning Moskvadagi matbuot anjumanida aytishicha, Janubiy Osetiyadagi bir qishloq aholisi gruzinlar tomonidan cherkovga olib kirilib tiriklayin yoqib yuborilgan deb ovoza qilingan voqea propaganda va uydirmadan boshqa hech narsa emas.

"Biz o'sha qishloqqa borib aholiga shu voqeani aytib berganimizda, hech kim bizga ishonmadi. U yerda bunday hol sodir bo'lmaganini aytishib, balki boshqa qishloqda shunday bo'lganini taxmin qilishdi," deydi Cherkasov.

Janubiy Osetiyaning hech bir joyida gruzin qo'shinlari tomonidan mahalliy aholiga nisbatan qiynoq, qatliom, zo'rlash alomatlari topilmadi, deydi huquq faollari. Ularga ko'ra, harbiy harakatlar boshlanmasidan oldin mahalliy aholiga hududni tark etish tavsiya qilingan.

"Ya'ni bu Gruziya hujumi to'satdan bo'lmaganidan dalolat. Harbiy harakatlardan oldin aholini evakuatsiya qilish harakati bo'lgan," deydi Cherkasov.

Human Rights Watch tashkilotining Moskva sho'basi vakili Tatyana Lokshinaning aytishicha, Janubiy Osetiya hukumati aholi xavfsizligi yoki mulkini himoya qilmayapti. Ayniqsa mintaqaning gruzinlar yashaydigan qishloqlarida.

Cherkasov va Lokshina guvohliklariga ko'ra, Janubiy Osetiyadagi gruzin qishloqlarida yashovchi gruzinlar ham, osetinlar ham doimiy tahdid ostida. Uylariga haligacha o't qo'yilmoqda. Rus askarlari esa ularni himoya qilayotgani yo'q.

Memorial va Human Rights Watch vakillarining aytishicha, mazkur hisobot Janubiy Osetiyaga bag'ishlangan bo'lib, tez orada Gruziya bo'yicha ham hisobot tayyorlanadi.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya sobiq Sovet Ittifoqi hududlarini o'ziga qo'shib olish niyatida emas, jumladan Gruziyaning bo'lginchi hududlarini ham.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha esa, Gruziya NATO a'zosi bo'lib Janubiy Osetiyaga hujum qilgan taqdirda ham, Rossiya hozirgiday javob qilgan bo'lardi.

XS
SM
MD
LG