J. Stivenson: Terrorga qarshi "yumshoq qurol" ishlatish kerak


Ikkinchi Jahon urushidan so'ng 40 yil davom etgan Sovuq Urush davrida jahon siyosiy sahnasida ikki yirik davlat - Qo'shma Shtatlar va Sovet Ittifoqi hukmron edi. Har bir davlat ixtiyorida bir-birini yo'q qilishga yetarli yirik yadro arsenali bo'lgan. Yadro urushi xavfi va ehtimoli tinchlikni ikki davlat tashqi siyosatidagi ustuvor maqsadga aylantirdi. Sovuq Urush tugagach terrorizm yangi global tahdid sifatida yuzaga keldi.

Yaqinda tahlilchi-strateg Jonatan Stivensonning "Sovuq Urushdan terrorga qarshi urushgacha" nomli kitobi bosmadan chiqdi. Olimning aytishicha, yadro xavfiga qarshi strategiya terrorga qarshi urushda ham qo'l kelishi mumkin.

Muallifning aytishicha, 1991 yili Sovet Ittifoqi qulab Sovuq Urushga kutilmaganda chek qo'yilgach, zamonning yangi tahdidlariga tayyor bo'lmagan strateglar shoshib qolgan.

"Sovet Ittifoqi shu qadar qudratli bo'lib ko'ringanki, eng tajribali strateglar ham Sovuq Urushsiz hayotni tasavvur qila olmagan. Davlatlardan boshqa guruhlar ham tahdid solishi mumkinligi kutilmagan hol bo'lib, kelajakda harbiy strategiya qanday bo'lishi kerakligi haqida hech kim o'ylamagan edi."

Jonatan Stivenson harbiy kollejda strategik masalalardan ta'lim beradi. Uning aytishicha, Sovuq Urush davrida yadro to'qnashuvi har ikki tomonni yo'q qilishini anglagan yirik davlatlar bemulohaza harakatlardan o'zini tutib turgan. Ammo bugunga kelib terror xavfi jahonda asosiy tahdid deya ko'rilar ekan, Sovuq Urush davrida qo'llanilgan strategiya endi ish bermaydi.

"Al-Qoidaga o'xshash terrorchi guruhlar yadro xavfi solish salohiyatiga ega emas. Ularga qarshi AQShning barcha harbiy kuchini yo'naltirish arini miltiq bilan ovlash degan gapday. Kerak bo'lsa, ari baribir chaqib oladi. Shu sabab ularga qarshi boshqacha, yumshoq qurol ishlatish kerak," deydi Stivenson.

Muallif yumshoq qurol deganda diplomatik harakatlar, razvedka faoliyati va huquq-tartibot organlari ishini nazarda tutadi. Agar raqib davlat bo'lganida edi uni tartibga chaqirish osondir, chunki har bir davlatning yo'qotishni istamagan mulki bo'ladi - yeri, aholisi, tabiiy qazilmalari, inshootlari. Terrorchi guruhlarda esa bunday mulk yo'q. Biroq, deya taklif beradi Stivenson, ularni siyosatga aralashtirib, siyosatdagi o'rnini qadrlaydigan qilib qo'yish kerak.

"Masalan, Livandagi Hizbulloh guruhini olaylik. U siyosatga kirib, o'z mavqeiga ega bo'ldi, siyosiy kuchni qo'lga kiritdi. Ana endi shu mavqeni qo'ldan chiqarishni istamaydi. Shu sabab guruh 80-yillardan farqli o'laroq hozirda zo'ravonliklarga kamroq qo'l uradi."

Stivenson fikricha Qo'shma Shtatlar yangi tahdidlarni o'rganuvchi kuchli tahlil markazlariga asos solishi, armiya emas, diplomatiya, razvedka va politsiyadan unumli foydalanishi kerak.

"Qo'shinlarni asta-sekin Iroqdan chiqarish kerak. Afg'onistonda vaziyatni barqarorlashtirib, al-Qoida va Tolibon faoliyatini cheklash, ularning Pokiston hududida boshpana topishiga yoki Markaziy Osiyoga o'tishiga yo'l bermaslik kerak. Isroil-Falastin mojarosiga yechim topish zarur. Boshqa davlatlar bilan hamkorlikda terrorizmga ko'z-quloq bo'lib turish lozim."

Jonatan Stivenson nazarida terrorga qarshi urush Qo'shma Shtatlarni boshqa geosiyosiy masalalardan chalg'itmasligi juda muhimdir.

XS
SM
MD
LG