Human Rights Watch qamoqdagi faollar taqdiridan xavotirda


Mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ustidan Nukusda boshlangan dastlabki sud ishida guvohlar ko`rsatmalari tinglangan, jarayonning davomi 18 sentyabr kuniga qoldirilgan.

“Hozircha bir narsa deyish qiyin. Asosiy guvohlardan yana uchtasi bor, ularni ham eshitgandan keyin bir xulosaga kelishadi”, - deydi advokat Bahrom Abdurahmonov.

Solijon Abdurahmonov giyohvand moddlarni saqlash aybi bilan hibsga olingan edi. Keyinchalik bu ayblov giyohvand moddalar savdosiga almashtrildi.

Abduramonovga nisbatan qo`yilgan ayblov og’ir jinoyat turiga kiradi. Advokatning aytishicha, shu bois mustaqillik munosabati bilan e`lon qilingan amnistiya unga nisbatan qo`llanmasligi mumkin.

“10 yildan 20 yilgacha, giyohvand moddalarni ko`p miqdorda sotishda ayblashmoqda”,- deydi advokat.

Bahrom Abdurahmonovning aytishicha, tergov-surishturuv ishlari mobaynida jurnalistga qo`yilgan ayblar o`z isbotini topmagan. Solijon Abdurahmonov dastlabki sud jarayonida o`ziga qo`yilgan ayblarni inkor etgan.

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti - Human Rights WatchSolijon Abdurahmonov ishi bo`yicha yaqinda tarqatgan bayonotida O`zbekiston hukumatini siyosiy sabablar bilanfaollarni ta`qib qilmaslikka, jurnalistni hibsdan ozod etishga chaqirgan.

"Abdurahmonovning misoli shuni ko'rsatmoqdaki, haddi sig'ib o'z fikrini ochiq aytgan inson istagan payt qamoqqa olinishi mumkin", - deydi Human Rights Watch tashkilotining O'zbekiston bo'yicha vakili Igor Vorontsov.

Human Rights Watch AQSh hukumati va Yevropa Ittifoqidanmustaqil jurnalistning ishini nazoratga olishni, uning ozod etilishi uchun ko`mak ko`rsatishni so`ragan.

Xalqaro tashkilot hisobotiga ko`ra, Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi uning jurnalistik faoliyati, tanqidiy maqolalari bilan bog`liq.

Qoraqalpog`istondagi sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri Abdurahmonov avval “Ozodlik”, “Amerika ovozi” radiolari bilan hamkorlik qilgan, so`nggi yillarda “Uznews.net” axborot agentligining muxbiri sifatida ishlayotgan edi.

Abdurahmonov qamoqqa olinishidan sal o`tib Nukusda “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov ham tovlamachilikda ayblanib hibsga olingan edi.

Ayni paytda Nukusda A`zam Turg`unov ustidan ham sud ishi davom etmoqda.

“Siyosatga aralashgani uchun javobgarlikka tortadigan modda yo`q, boshqa biron narsa topish kerak bo`lgan. A`zam akani chetlashtirish shart bo`lgani uchun orqasidan poylab yurib uyushtirishgan buni”, - deydi sud ishida kuzatuvchi sifatida qatnashgan “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Ishoqova.

Dilorom Ishoqovaning aytishicha, so`nggi paytda Yevropa, AQShning huquq himoyachilariga munosabatida ehtiyotkorlik kuzatiladi.

“Hukumatning qonunbuzarliklarini ham ancha ehtiyotkorlik bilan ko`rsatishayapti. Avvallari siyosatchilar, huquq himoyachilari ustidan o`tayotgan sud jarayonlarida diplomatik korpusdan albatta vakillar bo`lardi. Hozir bunday narsa yo`q. O`ta ehtiyotkorlik bor, gapni ochig`i, Karimovning jahlini chiqarmaslik uchun”, - deydi Dilorom Ishoqova.

Sharhlovchilar fikricha, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida inson huquqlari bo`yicha borayotgan muloqotlarda aniq holatlar tilga olinmaydi,vaziyatni umumiy baholashdan nariga o’tilmayapti.

XS
SM
MD
LG