Dovul AQShning janubiy shtatlariga jiddiy talofat yetkazdi


AQSh janubidagi Texas va Luiziana shtatlarining suv va vayronalar ostida qolgan shaharlarida qidiruv-qutqaruv ishlari boshlab yuborilgan.

Hukumat "Ayk" dovuli haqida ogohlantirib, millionlab aholini evakuatsiya qilgan bo’lsa-da, shaharlarda qolgan o’n minglab kishi yordamga muhtoj.

AQShning to’rtinchi eng katta shahri Xyustonda elektr ta’minoti izdan chiqqan. Sug’urta kompaniyalari hisobicha, dovuldan ko’rilgan zarar taxminan 10-18 milliard dollarni tashkil etadi.

Suv toshqini ostida qolib ketgan va uy tomlarida jon saqlayotgan aholiga yordam berilmoqda. Xyustonda 4 million kishi elektr tokisiz qolgan. Asosiy xizmatlarni tiklash uchun bir necha hafta vaqt kerak, demoqda rasmiylar.

“Hozirda jabrdiydalarga yordam berishdan muhimroq vazifa yo’q”, - deydi Texas shtati gubernatori Rik Perri. “Dovul katta talofat keltirishi oldindan ma’lum edi. Shtat tarixidagi eng yirik qutqaruv operatsiyasi boshlanib, unda 8 mingga yaqin harbiy ishtirok etyapti”.

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Maykl Chertoffning aytishicha Texasning 30 ga yaqin okrugi ofat zonasi deb e’lon qilingan. Aholiga vertolyotlarda oziq-ovqat, dori-darmon va suv olib borilmoqda.

"Ayk" dovuli neft sanoatiga ham zarar keltirgan. Ta’minot kamayishi yuzasidan xavotirlar ba’zi shtatlarda benzin narxini ko’tarib yuborgan. Zararni qoplash uchun hukumat zaxiradagi qora oltinni bozorga chiqarishga tayyor.

XS
SM
MD
LG