Xitoy uyg'ur yoshlarining masjidga qatnashini cheklab qo'ygan


AQShning “New York Times” gazetasi berayotgan xabarga ko’ra, Xitoyning Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati hokimiyati diniy erkinlikni cheklovchi yangi qoidalar joriy etib, taqvodor yoshlarning masjidga chiqishini man qilgan.

Xitoy rasmiylarining da’vo qilishicha, maqsad Ramazon oyida osoyishtalikni ta’minlash. Jahon Uyg’urlari Kongressi prezidenti Robiya Qodir fikricha esa Xitoy uning millatini tahqirlashda davom etmoqda.

Pekinda Yozgi Olimpiya O'yinlari paytida radikal islomiy kuchlar faollashganini aytgan Xitoy mulozimlari yaqinda Shinjon-Uyg'ur muxtoriyatining ma'muriy markazi Urumchida yig'ilib, mintaqadagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatni muhokama qilgan.

Shinjon Kommunistik partiyasi bosh kotibi Vang Lechan so'zlariga qaraganda ayni damda mintaqada vaziyat tinch.

Ammo Jahon Uyg'urlari Kongressi rahbari Robiya Qodir yozgi sport musobaqalari paytida va uning ketidan yuzlab uyg'urlar qamoqqa tashlanganini, shu ro'za oyida ham musulmonlar yana bosim ostida ekanini eslatadi.

Rasmiy Pekin uyg'ur muxtoriyatida bo'lginchi va terrorchi tashkilotlar faoliyat olib boradi desa, Robiya Qodir "bu aslida siyosiy huquqlari va madaniy erkinligini talab qilayotgan mazlum uyg'ur xalqining iltijosidan boshqa hech narsa emas",- deydi.

G'arb Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosatini tanqid qilib keladi. Xitoy esa AQSh va Yevropani tibetliklar va uyg'urlarni mamlakatdan ajralib chiqish harakatini yoqlayotganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG