AQSh mudofaa vaziri Iroqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Iroqda. Qo'shma Shtatlar urushning yangi bosqichini boshlamoqda. Qo'shinlar asta-sekin mamlakatdan olib chiqila boshlaydi. AQSh vaziri Iroqda razvedka bilan bog'liq masalalarni muhokama qilmoqda.

Prezident Bush buyrug'iga ko'ra o'tgan yili Iroqqa safarbar etilgan qo'shimcha askarlarning besh brigadasi xizmatini yakunlamoqda. Vazir Geyts ularsiz vaziyat qanday bo'lishini baholash uchun qo'mondonlar bilan maslahat qilmoqda.

Unga ko'ra AQSh tashabbusni iroqliklarga topshirmoqda, amerikalik askarlar esa ikkinchi darajali vazifalarni bajaradi.

Geyts fikricha o'tgan yili Iroqqa kiritilgan qo'shimcha askarlar mamlakat xavfsizligini ta'minlashda katta rol o'ynagan. Iroq xavfsizlik kuchlari oyoqqa turgan, biroq siyosatchilari hamon til topisha olmayapti. AQSh mudofaa vaziri Bag'dodga safari davomida ular bilan ham uchrashadi.

Geyts shuningdek AQShning Iroqdagi qo'mondonligining yangilanish marosimida ham qantashadi. General Deyvid Petreyus koalitsiya kuchlari qo'mondoni vazifasidan bo'shab uning o'rnini general-leytenant Rey Odiyerno egallaydi.

"General Odiyernoning vazifasi bir oz boshqacha bo'ladi. U qo'lga kiritilgan yutuqlarni ushlab qolish va mustahkamlash bilan shug'ullanadi," deydi Robert Geyts.

General Petreyus AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy Qo'mondonligiga rahbar etib tayinlangan. Qo'mondonlik AQShning Yaqin Sharq va markaziy Osiyodagi harbiy operatsiyalarini boshqaradi. Ya'ni Petreyus endilikda asosan Afg'oniston bilan shug'ullanadi.

AQSh Mudofaa vaziri Iroqqa safar qilayotgan bir paytda bugun poytaxt Bag'dodda ikkita terror xurujida 12 kishi o'lgan, 30 dan ziyodi yaralangan.

XS
SM
MD
LG