Breaking News

Bush: Uoll-Stritdagi inqiroz AQSh moliya tizimiga tahdidmas


AQShdagi yirik brokerlik kompaniyiasi kasodga uchragach, qimmatbaho qog'ozlar bozorida aksiyalar keskin tushib ketdi. Prezident Jorj Bush moliya bozorini tinchlantirishga urinmoqda. Inqiroz saylov kampaniyasida ham aks-sado bermoqda.

Prezident Bush fikricha, qimmatbaho qog'ozlar markazi hisoblanmish Uoll Stritdan kelayotgan xabarlar tashvishli, ammo AQSh iqtisodiyotiga zarar yetkazmaydi.

"Bozordagi o'zgarishlardan moliya xizmatchilari va pulini aksiyalarga tikkan fuqarolar jabr ko'rishi mumkin albatta, ammo bu ko'pga cho'zilmaydi. Kapital bozorimiz kuchli va bu kabi inqirozdan o'ta oladi," deydi Bush.

Kecha sarmoyalar bilan shug'ullanuvchi yirik kompaniya, Lehman Brothers o'zini bankrot deb e'lon qilishga majbur bo'ldi. Jahonning eng yirik brokerlik kompaniyasi Merrill Lynch esa Amerika Banki tomonidan arzon narxga sotib olindi.

AQSh Moliya vaziri Genri Polsonning aytishicha, moliya bozori og'ir davrni boshdan kechirayotgani bilan amerikaliklar AQShning umumiy moliya tizimidan xavotirlanmasa bo'ladi.

Moliyaviy inqiroz AQShda saylov kampaniyasini chetlab o'tgani yo'q. Demokratlardan prezidentlikka nomzod Barak Obama fikricha, inqiroz sabablarini Bush ma'muriyatining sakkiz yillik faoliyatida qidirish kerak.

"Bu davr mobaynida xaridor himoyasi va moliyaviy jarayonlar ustidan hukumat nazorati susaygan. Iqtisodiyotimiz bunday siyosatning yana to'rt yilga cho'zilishiga bardosh bera olmaydi," deydi Obama.

Uning raqibi, respublikachilardan nomzod senator Jon Makkeyn, prezident etib saylansam, yangi moliyaviy nazorat tizimini joriy etaman demoqda.

"Hozirgi qiyinchiliklarga qaramay, iqtisodiyotimiz poydevori kuchli," deydi Makkeyn Bush so'zlarini ma'qullab.

XS
SM
MD
LG