Breaking News

Iroq tarixiy va madaniy boyliklari Bag'dodga qaytarilmoqda


So'nggi bir necha yil davomida kontrabandachilar Iroqdan ko'plab tarixiy yodgorliklar, noyob buyumlarni olib chiqishga muvaffaq bo'lgan. Ammo bu nodir merosning bir qismi AQSh bojxona xizmati yordamida saqlab qolindi va endilikda Iroq hukumatiga qaytariladi.

1991 va 2003 yillardagi urushlar Iroq muzeylari uchun fojiali bo'ldi. Tartibsizliklardan foydalangan chaqqonlar qarovsiz qolgan minglab tarixiy va madaniy yodgorliklarni o'g'irladi, chetga olib chiqdi. Biroq mingdan ziyod buyumlar AQSh yordamida Iroqqa qaytariladi.

Iroqning Vashingtondagi elchixonasida o'tkazilgan maxsus marosimda so'zlagan AQSh Immigratsiya va Bojxona agentligi vakili Juli Mayersning aytishicha, qaytarilayotgan bebaho buyumlar Iroq tarixining ajralmas qismidir.

Ularning aksariyati qadimgi Mesopotamiya davriga borib taqaladi. Kulolchilik buyumlari, qadimiy tangalar, tilla jismlar, ma'budalar. Ularning barchasi kontrabandachilar tomonidan AQShga olib kirilayotgan payt musodara qilingan.

Iroq elchisi Samir Sumaydayining aytishicha, bu nafaqat Iroq tarixi, balki insoniyat sivilizatsiyasi haqida noyob ma'lumot beruvchi buyumlardir.

Eksponatlar tez kunlarda Iroqqa yuboriladi.

XS
SM
MD
LG