Medvedev: Rossiya iqtisodiyoti inqiroz yoqasida emas


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha Janubiy Osetiyadagi urush tufayli mamlakat moliya bozori bir oz talofat ko’rgan, biroq bu iqtisodiy inqiroz degani emas.

Medvedev Rossiyada faoliyat yuritayotgan yirik sanoatchilar va biznesmenlar bilan Kremlda uchrashar ekan, har qanday urush iqtisodiy muammolarni yaratishi aniq dedi.

Rossiya Tadbirkorlar va Sanoatchilar Kasaba Uyushmasi rahbari Aleksandr Shoxin fikricha esa Kreml oldida jiddiy iqtisodiy sinovlar turibdi.

“Qimmatbaho qogo’zlar qiymati pasaygan. Rossiyada capital miqdori kamaygan. Banklar likvidatsiya muammosi bilan yuzlashmoqda”, - deydi Shoxin.

Medvedev bunga javoban “Hukumat banklarning kasodga uchramasligi va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish uchun barcha choralarni ko’radi”,- deydi.

Gruziya bilan boshlangan mojaro tufayli Rossiya birjasidagi aksiyalar qiymati – RTS ko’rsatkichi 30 foizga tushdi. Mamlakat valyutasi - rubl arzonlashmoqda. Yevropaning BNP Paribas bankiga ko’ra, sarmoyadorlar Rossiyadan 35 milliard dollarga teng mablag’ini olib chiqqan.

"Xavotirga o’rin yo’q, hukumat iqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun barcha imkoniyatlarini qo’llaydi, biroq G’arbning sanksiyalar joriy etamiz deb qo’rqitishi ish bermaydi”, - deydi Medvedev.

“Sanksiyalar Rossiya uchun umuman ta’sir kuchiga ega emas. Aksincha mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshishiga xizmat qiladi”.

Medvedev xususiy sug’urta kompaniyalari va nafaqa fondlari qiynalayotganini tan oladi. Rossiya iqtisodiyotida muhim o’ringa ega bu sohalarga yordam berish asosiy vazifa deydi u.

Iqtisodiy tahlilchi Xalil Sheyxmametov nazarida Rossiyada elitaga, boy tabaqa vakillariga ishonch yo’q.

“Chunki bozorga ishonch past ekan, Moskvaga qo’shni Vladimir oblastiga sarmoya kiritishdan ko’ra, tadbirkorlar pulini Maldiv orollaridagi yangi biznes uchun tikishga rozi”, - deydi Sheyxmametov.

Ba’zi mutaxassislar fikricha Rossiya iqtisodiyotidagi muammolar faqat Janubiy Osetiyadagi urushga borib taqalmaydi. Jahon iqtisodiyoti bugun oqsab qolgan, global maydonda kapital kamaygan deya eslatadi ular.

XS
SM
MD
LG