Parijda Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo forumi o'tkaziladi


Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo hamkorligiga bag'ishlangan ilk forumda ishtirok etish uchun Yevropaga tashruf buyurgan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov kecha Bryusselda ba'zi rasmiylar bilan uchrashdi. Yevropa Ittifoqiga ko'ra O'zbekiston inson huquqlari bobida ijobiy o'zgarishlarga erishmoqda.

Vladimir Norov Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha rahbari Xavyer Solana va ayni damda ittifoqqa raislik qilayotgan Fransiyaning Yevropa bilan aloqalariga mas'ul davlat kotibi Jan-Pyer Juye bilan uchrashdi.

Fransiya rasmiysi O'zbekiston inson huquqlari bobida olg'a qadam qo'yayotganini aytsada, hali qilinadigan ishlar ko'p deydi.

"O'zbekiston o'lim jazosini bekor qildi va siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarmoqda", deydi Jan-Pyer Juye.

Yevropa Ittifoqi 2005 yil may oyida Andijonda sodir bo'lgan voqealarda hukumatni ayblab sanksiyalar qo'ygan edi. O'tgan yili O'zbekistonga huquq bobida vaziyatni yaxshilashga imkoniyat berish maqsadida sanksiyalar ma'lum muddatga to'xtatilgan edi. Agar Yevropa Kengashi sanksiyalarni qoldirish yoki uzaytirishga qaror qilmasa, noyabr oyida bir yilga joriy etilgan jazo chorasining muddati avtomalik ravishda tugaydi.

O'zbekistonlik inson huquqi faoli Umida Niyozovaning Germaniyadan Amerika Ovoziga aytishicha, 2008 yilda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol Yevropa Ittifoqi aytganidek yaxshilanmay, aksincha yomonlashgan. Ko'plar mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan, mustaqil jurnalistlar Internetdagi maqolalari ostiga o'z ismini qo'yishdan cho'chiydi.

Umida Niyozova o'tgan yil yanvar oyida chegarani noqonuniy ravishda buzganlikda ayblanib, yetti yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. Ammo xalqaro hamjamiyat aralashuvi tufayli tez orada shartli ravishda ozod etilgan. Kuni kecha ma'lum bo'lishicha, inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi xalqaro Human Rights Watch tashkiloti Umida Niyozovani o'zining maxsus sovrini bilan taqdirlagan. Faolning aytishicha, Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan hamkorlikni sanksiyalar bilan bir qatorda olib borgani ma'qul.

Bugun Parijda Yevropa Ittifoqi Troykasining Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan majlisi o'tkaziladi. Troykaga Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar komissari Benita-Ferrero Valdner, ittifoqning tashqi siyosat bo'yicha rahbari Xavyer Solana va ayni damda ittifoqqa raislik qilayotgan Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner kiradi. Ertaga esa ittifoqqa a'zo barcha davlatlar rasmiylari ishtirokida Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo forumi o'tkaziladi. Unda Afg'oniston va Turkiya vazirlari ham ishtirok etadi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morelning Amerika Ovoziga aytishicha, forum ittifoqning Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilishida muhim vosita rolini o'ynaydi va Yevropa Ittifoqini mintaqa bilan munosabati o`tgan yili ittifoq tomonidan qabul qilingan strategiyaga ko`ra rivojlanmoqda.

"Forum siyosiy muloqot olib borishga va Markaziy Osiyodagi jarayonlardan xabardor bo'lishga yordam beradi. Bu ikki tomon rasmiylarining ilk yirik yig'ilishidir. Unda mintaqaviy xavfsizlik, energetika, atrof-muhit muhofazasi, qoradori, inson savdosi va terrorga qarshi kurash muhokama qilinadi," deydi elchi Morel.

"Mintaqaga bo`lgan siyosatning asosiy maqsadi negizida neft-gaz masalasi yotibdi. Keyingi paytda Turkmanistonga ko`plab delegatsiyalar kelib-ketmoqda. Markaziy Osiyo tabiiy resurslarga boy. Maqsad - bu yerda ta`sir doirasini kuchaytirish. Bizning siyosatimiz har tomonlama teng, o`zaro manfaatli munosabatlarni shakllantirishdan iborat", deydi o'zbekistonlik siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoyev.

Biroq Yevropa Ittifoqini O`zbekiston bilan munosabatlari mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatga ko`ra alohida munosabat talab etadi.

18 sentyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernard Kushner va O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o`rtasida ikki tomonlama muzokara o`tadi.

"Uchrashuvda O`zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilinadi", deydi Fransiyaning O`zbekistondagi elchixonasi siyosiy masalalari bo`yicha maslahatchisi Kristof le Rigolo.

Janob Rigologa ko`ra Fransiya va O`zbekiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida O'zbekistonga qo'yilgan sanksiyalar, bu boradagi muammoli tomonlar muhokama qilinishi kutiladi, biroq masala murakkabligi bois hozircha aniq bir xulosalar haqida gapirish qiyin.

So'nggi paytda O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq qonunchilikka kiritilgan o`zgartirishlar hamda ayrim huquq himoyachilarining qamoqdan ozod etilishi G`arb tomonidan iliq kutib olingan.

Mahalliy faollarga ko`ra qonunlar qog`ozda qolib ketmoqda, huquq himoyachilariga nisbatan tazyiqlar, ularni qamoqqa olish avvalgidek davom etmoqda.

"Huquq himoyachilari Mo`tabar Tojiboyevaning qamoqdan ozod qilinishini nishonlashni oxiriga yetkazmasidanoq mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov, huquq himoyachisi A`zam Turg`unovlar hibsga olindi", deydi mahalliy faollardan biri.

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo rasmiylarining bugungi uchrashuvida Gruziya-Rossiya munosabatlari ham ko'tarilishi mumkin. O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Bryusseldagi kechagi matbuot anjumanida aytishicha, O'zbekiston Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish bo'yicha aniq siyosat ishlab chiqmagan. Mutaxassislar Rossiya hukumatining Markaziy Osiyo davlatlariga bu borada bosimi kuchayayotganini ta'kidlashadi.

XS
SM
MD
LG