Breaking News

Yevropa Markaziy Osiyoga jiddiy e'tibor qaratmoqda


Bugun Parijda Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo hamkorligiga bag'ishlangan ilk forum o'tkazilmoqda. Unda O'zbekistondan Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Forumda Yevropa Ittifoqining mintaqa bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka katta urg'u bermoqda. O'tgan yili ittifoq mintaqadagi siyosati bo'yicha strategiya qabul qilgan. Unda Markaziy Osiyoga yonilg'i olishning muqobil manbasi sifatida qaraladi. Tashkilot kelasi besh yil davomida mintaqa davlatlariga 750 million yevro hajmida yordam ko'rsatmoqchi. Pul asosan iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi, qashshoqlikka qarshi kurash, ijtimoiy institutlar faoliyati va sarmoya muhitini yaxshilashga ajratiladi.

Yevropa Ittifoqining Tashqi aloqalar bo'yicha komissari Benita Ferrero Valdnerning aytishicha, Markaziy Osiyo barqarorligi ittifoq uchun juda muhim.

Parijdagi forumda asosan yonilg'i siyosati va mintaqaviy xavfsizlikka katta e'tibor qaratiladi. Tadbirda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirok etmoqda.

Anjumandan oldin Markaziy Osiyo vazirlari va xususan Vladimir Norov Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan tor doirada muloqot qilgan. O'zbekiston ittifoqni unga Andijon voqealaridan so'ng qo'yilgan sanksiyalarni butunlayin bekor qilishga, ittifoq esa O'zbekistonni siyosiy islohotlarni jadallashtirishga chaqirmoqda.

Seshanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi-O'zbekiston Hamkorlik Kengashining sakkizinchi sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda ittifoqqa raislik qilayotgan Fransiya nomidan ishtirok etgan davlat kotibi Jan-Pyer Juyening aytishicha, O'zbekiston inson huquqlari bobida olg'a qadam qo'ygan.

Uning bu bayonoti mahalliy va xalqaro inson huquqlari faollari tomonidan tanqidiy qarshilangan. Qisqa vaqt mobaynida Human Rights Watch tashkilotining O'zbekistonda vakili bo'lgan, ammo hukumat tomonidan akkreditatsiya ololmagach, respublikani tark etgan Igor Voronsovning aytishicha, O'zbekistonda axborot olishning mustaqil va ob'yektiv manbalari yo'q bo'lgan bir paytda Yevropa vazirlarining inson huquqlari bobida ijobiy o'zgarish kuzatilmoqda deyishi odamni ajablantiradi.

"Yevropaga tegishli birorta axborot agentligi O'zbekistondan turib axborot bera olmaganidan keyin qanday qilib bu kabi bayonotlar qilish mumkin? Na Bi-Bi-Si bor va na Frans-Press. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham qolmagan. Diniy va boshqa mahbuslarga nisbatan qiynoqlar hamon qo'llanilmoqda. Tergov izolyatorlarida ham ahvol ayanchli. Shu kunlarda esa nukuslik mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov va huquq faoli A'zam Turg'unov ustidan sud ketmoqda," deydi Voronsov.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morelning Amerika Ovoziga aytishicha, O'zbekistondagi jarayonlar Yevropa Ittifoqi ichida birday baholanmaydi.

"O'lim jazosini bekor qilish, adliya tizimiga bir qator o'zgarishlar kiritish, sudyalar vakolatini kengaytirish tahsinga sazovor, ammo bu bilan to'xtab qolmaslik kerak. O'zbekistondagi umumiy vaziyatdan ko'nglimiz to'q emas. Ushbu yo'nalishda muloqotni birgalikda olib bormoqdamiz."

Pyer Morelning aytishicha, Norovning Yevropa rasmiylari bilan muloqoti chog'ida O'zbekistonda paxta dalalarida bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasi ham ko'tarilgan. Yevropa va AQShning bir necha to'qimachilik kompaniyalari bolalar mehnati tufayli terilgan paxtani boykot qilishlari haqida aytishgan. Xabarlarga ko'ra, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev o'tgan juma kuni maxsus qaror chiqarib, 16 yoshgacha bo'lgan bolalarning paxta dalalarida ishlatilmasligini nazorat qilishga ko'rsatma bergan.

"Bolalar majburiy mehnatga faqatgina O'zbekistonda solinayotgani yo'q. Afsuski, bunday davlatlar oz emas. Masalani vazir Norov bilan uchrashuvimiz chog'ida ko'tardik. O'zbekiston muammoning mavjudligini tan olmoqda va YUNICEF bilan bu borada hamkorlik qilmoqda," deydi elchi Morel.

Forumda Gruziya-Rossiya munosabatlari va Markaziy Osiyoning Gruziyadagi mojaroga nisbatan pozitsiyasi ham muhokama etiladi.

"Biz Markaziy Osiyo bilan siyosiy muloqotni istaymiz. Demak, Gruziyadagi vaziyat ham chetda qolmaydi. Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo mintaqa davlatlarining bo'lginchi hududlar mustaqilligini tan olmagani Yevropada ijobiy qabul qilindi," deydi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morel.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Bryusseldagi matbuot anjumanida aytishicha, O'zbekiston Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish bo'yicha aniq siyosat ishlab chiqmagan.

2005 yili Andijon voqealaridan so'ng O'zbekiston hukumatiga qo'yilgan sanksiyalar taqdiri bo'yicha, deydi elchi Morel, 13 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining majlisi chog'ida qaror qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG