NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirishi mumkin


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida Rossiya kichik demokratik davlatlarni cho'chitishga harakat qilyapti. Britaniyada so'zlagan nutqida, Geyts Yevropadagi ittifoqchilarni mudofaa tizimini mustahkamlashga chaqirgan.

"Nima bo'lmasin, bugun Rossiya dunyoga Sovet Ittifoqichalik tahdid solishga qodir emas", - deydi AQSh mudofaa vaziri.

Tanqidlarga javoban Rossiya rahbariyati G'arb bilan yangi Sovuq urush boshlashga qarshi ekanini ta'kidlagan.

Robert Geyts Rossiya harakatlariga birgalikda, bosiqlik bilan javob berish kerak deydi. Uning aytishicha, Rossiya agressiyasini bartaraf etish uchun Yevropa o'z mudofaa tizimini kuchaytirishi zarur.

"Kreml dunyoda mafkuraviy hukmronlik qilish emas, balki o'z ta'sir doirasini yaratishni, qo'shni davlatlarda nufuzini oshirishni maqsad qilgan", - deydi Geyts.

Britaniyada yopiq eshiklar ortida o'tayotgan yig'ilishda, NATO mudofaa vazirlari "harbiy alyans Rossiyaga qanday javob berishi kerak" degan savolga javob izlamoqda. Qo'shma Shtatlar anchadan beri alyans a'zolarini harbiy byudjetini oshirishga undab keladi. Kavkazdagi voqealar sabab masalaga e'tibor oshgan.

"Yevropa Ittifoqi va AQSh", deydi Geyts, "Gruziyaga yordam qo'lini uzatadi. Rossiya bilan munosabatlar qayta ko'rib chiqiladi. Qabul qilingan qarorlar Rossiyaning Jahon Savdo Tashkiloti hamda Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkilotiga kirishiga ta'sir qilishi mumkin".

NATO mudofaa vazirlari kelasi oy Budapeshtda uchrashadi. Gruziyaga tashkilotga a'zolik va'da qilingan, biroq jarayon qachon boshlanishi noaniq.

Bu orada, Rossiya kelasi yili mudofaa byudjetini 25 foizga oshirmoqchi. Qonunchilar bu qarorni yoqlab ovoz bergan. Mudofaa byudjeti mazkur yil 40 milliard, 2009 yilda esa 50 milliard dollarni tashkil etadi.

Prezident Dmitriy Medvedevga ko'ra mamlakat harbiy salohiyatini oshirib, armiyani zamonaviy qurollar bilan ta'minlashga bel bog'lagan.
XS
SM
MD
LG