Olimlar ilmiy hamkorlik va aloqa muhim ekanini eslatmoqda


Shu kunlarda Vashingtonda kim ko’p, Markaziy osiyolik olimlar. Ba’zilari Jorjtaun Universitetida (Georgetown University) o’tgan Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyatining yillik anjumanida, boshqalari esa Garvard Universitetidagi (Harvard University) Markaziy Osiyo/Kavkaz seminarida qatnashmoqda.

Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti, Qozog’iston Milliy Universiteti, Qirg’iziston Davlat Universiteti va boshqa ta’lim maskanlaridan kelgan olim, o’qituvchi-pedagoglar bor.

Amerika Ovozi nufuzli Garvard Universitetida Markaziy Osiyo/Kavkaz (Central Asia/Caucasus Working Group) mavzusida o’tayotgan yig’ilish tashkilotchisi va professor Jon Shuberlayn (John Schoeberlein) va anjumanda ma’ruza qilishi kutilayotgan qirg’izistonlik olima Elmira Kochumkulova bilan gaplashdi.

Universitet talabalari va professorlar deyarli har hafta uchrashib, kim nima bilan band ekani, kimga qanday yordam kerakligini muhokama qiladi. Bu kabi ilmiy muhokamalar 1994 yildan beri o’tkazib kelinadi.

Garvard Universitetida o’zbekistonlik olim va talabalar bormi? Universitet O’zbekiston ta’lim dargohlari bilan qanchalik hamkorlik qiladi?

“Yo’q, bundaylar ko’p emas",- deydi professor Shubarlayn. "Borlari ham siyosiy boshqaruv va biznes kabi sohalarda izlanadi. Gumanitar fanlar, tarix va madaniyatga qiziqqanlarni kam ko’rasiz. Hamkorlik masalasiga kelsak, Garvard Universiteti O’zbekistondagi ta’lim maskanlari bilan bevosiya aloqa qilmaydi, lekin u yerdagi olimlarni yaxshi taniymiz, tez-tez gaplashib turamiz.”

Professor Jon Shuberlayn fikricha Markaziy Osiyo olimlari xorijlik hamkasblari bilan hamkorlik qilish yo'llarini o’rganishi kerak.

“Mintaqadagi ba’zi universitetlar va ilm-fan dargohlari dunyo bilan bog’lanish o’rniga yakkalanib qolmoqda. Ular jahon kezib nima qildik, xorij olimlari bilan aloqa qilishning nima keragi bor, o’zimiz ham muvaffaqiyat qozonamiz, deb ishonadi. Lekin, Qirg’izistonni olaylik. Bu davlat qo’shnilariga qaraganda tezroq rivojlanmoqda. Qirg’izistonlik olimlar jahon ilm-fan arboblari bilan qalin bo’lib qolgan. Eng qizig’i, Sovet Ittifoqi endi qulaganida Qirg’iziston olimlari mintaqadagi boshqa hamkasblari, masalan, O’zbekiston va hatto Tojikiston olimlaridan ancha zaif edi”,- deydi professor Shuberlayn.

Qirg’izistonlik Elmira Kochumkulova professorning shogirdlaridan. U Vashington Universitetini (University of Washington) bitirgan, hozirda Qirg’izistondagi Markaziy Osiyo Universitetida (University of Central Asia) dars beradi.

“Men Bishkek Gumanitar Universitetining ikkinchi kursini bitirib, almashinuv dasturi bo’yicha AQShning Vashington Universitetiga (Near Eastern Languages and Civilization Faculty) o’qishga kirdim. Bakalavrlik va magistrlik darajalarini olgandan keyin uyga qaytaman deb turganimda Amerikadagi domlalarim “kandidatlik ishini ham shu yerda yoqlagin” deb ko’ndirishdi. O’qib, ishladim; qirg’iz, qozoq tillaridan dars berdim”,- deydi u.

Elmiraning bu yerdagi sharoitga moslashishi qiyin bo’ldi. "Qirg’izistonda darsga og’zaki tayyorlanib, tez-tez javob berib chiqib ketar edik. Amerika universitetlarida esa uzundan uzoq bayon yozish, ilmiy bahslasha olishingiz, uni asoslab berishingiz kerak, juda qiynalganman",- deydi u.

Elmira uchun vatanga qaytish muhim bo'lgan.

“Men Qirg’iziston janubidan, Jaloloboddanman. Qishloqda katta bo’lganman. Oilada katta qizman, rosa inoqmiz. Amerikaning madaniyati, hayot tarzi umuman boshqacha. Qo’shma Shtatlarga kelganimda 19 yoshda edim, bunday imkoniyat hammaga ham berilavermasligini bilib, qattiq harakat qildim, oq’idim, lekin ketishimni doim bilganman”,- deydi olima.

Lekin, deya eslatadi Elmira, bilimga intilgan, kasbiy jihatdan yuksalishga qiziqqan yoshlar uchun xorijda imkoniyatlar albatta katta. Kimdir Amerikadan ish topadi, kimdir boshqa davlatdan.

“Ayrimlari Amerika fuqarolari bilan turmush qurib, shu yerda muqim qoldi. Men o’z yurtim, odamlarimga bog’lanib qolgan ekanman shekilli. O’qishni bitirib, qaytdim, qirg’iz yigiti bilan oila qurdim. U mening sinfdoshim, 5 yil meni kutdi.”

Elmira Kochumkulova Garvard Universitetida “Qirg’iz va qozoq xalqi udumlari. Inson vafotidan bir yil o’tib osh berish an’anasi” mavzusida ma'ruza o'qish arafasida.

“Garvard Universitetida birinchi bor ma’ruza qilishim bo’ladi. O’zimga ham qiziq, odamlar nima der ekan, yoqadimi, yo’qmi? Bilasiz, bizda odam vafotidan bir yil o’tib, ot so’yib, el-yurtga osh beriladi, sarf-xarajat deganday. Bu odat ko’chmanchilik davridan qolgan. Hozir Qirg’izistonda islom dini, e’tiqod mavzusi qayta ko’tarilmoqda, diniy kayfiyat kuchaygan. Ba’zida islomiy tartib-qoidalar xalqning azaliy urf-odatlariga zid kelib qoladi. Islom mintaqaga kirib kelishidan oldin ham an’analar bo’lgan-ku. Mana shu qarama-qarshilikni o’rganish juda qiziq”,- deya tushuntiradi Elmira Kochumkulova.

Olima dars beradigan Markaziy Osiyo Universiteti “Aga Khan Development Network” nomli xalqaro agentlik, Qirg’iziston, Qozog’iston va Tojikiston bilan hamkorlikda tuzilgan. Hozirda bu uch davlatning tog’li hududlarida diplomi xalqaro miqyosda tan olinadigan universitetlar qurilmoqda. Biri Tojikistonning Tog’li Badaxshon, boshqasi Qirg’izistonning Norin viloyatida va yana biri Qozog’istonning Tekele shahrida bunyod etiladi.

Professor Jon Shuberlayn fikricha, O’zbekiston talabalari va olimlari xorijga ilk bor safar qilganida “albatta qaytib kelaman, mamlakat rivojiga hissa qo’shaman” deydi.

“Lekin dunyo ko’rib, jahon ilm-madaniyati bilan tanishgach, vatanidagi ahvol kun-sayin og’ir bo’lib borayotganini ko’rib, AQShda qolish yo’llarini qidira boshlaydi. Davlatning eng sara olimlari vatanidan yuz o’girishga majburmi, demak, mamlakat kelajagi qorong’i bo’lib qolaveradi”,- deydi Shuberlayn.

XS
SM
MD
LG