Breaking News

Jangarilar emlash davrida zo'ravonliklarni to'xtatishga rozi


Afg'onistonda zo'ravonliklar va odam o'g'irlash hollari ko'paymoqda. So'nggi paytda jangarilar asosan hukumat rasmiylarini nishonga olmoqda. Mamlakatdagi og'ir vaziyatga qaramay Birlashgan Millatlar Tashkiloti afg'on bolalarini poliomiyelitga qarshi emlash bilan shug'ullanmoqchi. Jangari guruhlar shu munosabat bilan jangovar harakatlarini uch kunga to'xtatishga rozi bo'lgan.

Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, 140 qa yaqin ishchi mamlakat g'arbidagi Faroh viloyatida Tolibon tomonidan o'g'irlangan bo'lishi mumkin. Ular yakshanba kuni avtobusda ketayotgan mahal qo'lga olingan. Ishchilar viloyatdagi harbiy bazada mehnat qilar edilar.

Viloyat hokimi Roxul Aminning aytishicha, garovdagilarni ozod qilish uchun qabilaviy oqsoqollar jangarilar bilan muzokara qilmoqda.

Mamlakat janubidagi Uruzgon viloyatida esa bir mashina bombaga duch kelib, olti kishi o'lgan, jumladan yosh bola.

Jangarilar qo'shni Pokistonda ham faol. Bugun Peshovarda Afg'onistonning bosh konsuli Hoji Abdul Xoliq Farohi o'g'irlangan. Jangarilar tilamchilar kiyimini kiyib olib bosh konsul mashinasini to'xtatgan. Yuzaga kelgan otishmada diplomatning tan soqchisi o'ldirilgan. Ma'lumotlarga ko'ra Farohi Afg'onistonning Pokistondagi navbatdagi elchisi bo'lishga tayyorgarlik ko'rayotgan edi.

Afg'onistonda zo'ravonliklar davom etar ekan, jangarilar BMTga mamlakatda poliomiyelitga qarshi emlashga imkoniyat berish uchun barcha jangovar harakatlarini uch kunga to'xtatishga rozi bo'lgan.

BMT qoshidagi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti vakili Sonya Barining aytishicha, bu mamlakat uchun juda muhim tadbirdir.

Unga ko'ra Afg'oniston falaj kasalligi to'xtatilishi zarur bo'lgan to'rt mamlakatdan biri. Ammo janubdagi zo'ravonliklar sabab 100 mingga yaqin bolani emlashga imkon bo'lmayapti.

"Afg'oniston uchun bu katta raqam emas, chunki mamlakatda besh yoshga yetmagan yetti million bola bor. Bundan tashqari ko'pchilik bizga emlash ishlarida yordam ko'rsatmoqda. O'ylaymanki, tez orada kasallik tarqalishining oldini olamiz," deydi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti vakili.

Jami kelasi uch kun ichida janubdagi olti viloyatda 1.8 millionga yaqin bolani emlash rejalangan.

XS
SM
MD
LG