AQSh Afg'onistondagi urush strategiyasini ko'rib chiqmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytning aytishicha Pentagon Afg’onistondagi urush strategiyasini qayta ko’rib chiqmoqda.

Afg’onistonda jangari hujumlari o’tgan yilga qaraganda 40 foizga oshgan. Harbiy choralarning o’zi yetmaydi, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini yaxshilash kerak deydi rasmiylar.

Kunar viloyati hokimi Fazlulla Vohidiy AQSh mudofaa vazirining Jalolobod bo'ylab safariga bosh-qosh bo'ldi. Mahalliy rahbarlar AQShdan harbiy harakatlarni kuchaytirish bilan birga Afg'oniston iqtisodiyotini ko'tarishda ham yordam so'ramoqda.

AQSh qo'mondoni Deyvid Makkirnan jurnalistlar bilan suhbatda o'z fikrini ochiq bayon qildi.

"Afg'onistonning ayrim viloyatlari nistbatan tinch-osoyishta. Ba'zilarida rivojlanish sur'ati o'smoqda. Joylarda boshqaruv yaxshilanayotgani kuzatiladi. Biroq har uchala omil birday ishlayotgan hududlar juda kam",- deydi Makkirnan.

General fikricha Afg'onistonda g'arbcha demokratiya u yoqda tursin, xalqqa manzur bo'la oladigan samarali boshqaruv yo'lga qo'yilsa ham katta gap.

General Makkirnan Bush ma'muriyatidan 20 ming sonli qo'shin so'ramoqda. Vaqtincha emas, uzoq muddatga. Ayni damda Afg'onistonda AQShning 30 mingdan ortiq askari bor.

Biroq rasmiylarning tan olishicha, qo'shin yetishmasligi hamda imkoniyatlar cheklangani bois talabni bajarish oson bo'lmaydi. Iroqda tinchlikka erishilyapti, biroq vaziyat qaltis deyayotgan AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsga ko'ra, kelasi yili Iroqdan vatanga qaytishi kutilayotgan zobitlar Afg'onistonga jo'natiladi.

NATO davlatlari hamda AQSh 2009 yilda Afg'onistonga yetarli kuch safarbar etishni rejalagan, deydi Robert Geyts.

Kelasi yil AQShda yangi prezident lavozimiga kirishgach, ehtimol mudofaa vaziri o'zgarar. Ammo prezidentlikka har ikkala nomzod - Jon Makkeyn va Barak Obama terrorga qarshi urushning asosiy fronti Afg'oniston bo'ladi deya va'da bergan.

"Xavfsizlikni ta'minlash bir kun kelib Afg'oniston armiyasi zimmasiga tushadi", - deydi AQSh generali Robert Koun. Armiya safiga bugunga kelib 70 ming zobit yollangan. Afg'on politsiyasi esa tayyorgarlik jihatdan ancha orqada. Ular mana bir necha oydirki, ikki mingdan ziyod xorijiy murabbiyni kutmoqda.

Pokistondan turib Afg'onistonga hujumlar uyushtirayotgan jangarilar masalasi Vashington-Islomobod aloqalarini ancha taranglashtirgan. AQSh mudofaa vaziri "Pokiston qabilaviy hududlarida nazorat o'rnatmas ekan, Afg'onistonda tinchlik bo'lmaydi", - deydi.

O'tgan hafta rasmiy Islomobod AQSh harbiylarini mamlakat hududiga kirib maxfiy operatsiyalar o'tkazayotganlikda aybladi. Pokiston yangi prezidenti Osif Ali Zardariy parlamentga ilk murojaatida mamlakat o'z sarhadlarini himoya qilishini aytgan.

AQSh nazarida chegaradagi vaziyat tinchlikka jiddiy tahdid. Pokiston tezkor choralar ko'rishi kerak.

XS
SM
MD
LG