Mintaqa davlatlari NATO bilan hamkorlikni kuchaytirish tarafdori


Rossiya-Gruziya urushi mintaqa davlatlarini harbiy hamkorlik masalasida ehtiyot bo’lishga undamoqda.

Rossiya yetakchilik qilgan MDH Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Markaziy Osiyoda maxsus harbiy tuzilma yaratishni taklif qilgan.

Shu bilan birga mintaqa davlatlarida NATO bilan hamkorlikni kuchaytirish istagi mavjud.

O’zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo. Tashkilot raisi Nikolay Bordyuja yaqinda “Markaziy Osiyoda siyosiy bosimlarga qarshi tura oladigan qo`shma harbiy tuzilma tashkil etish rejalanmoqda”, - degan.

Uning aytishicha, favqulodda holatlarda tezlik bilan javob berishga ixtisoslashgan qo’shma harbiy tuzilmaning tarkibi va uning qayerda joylashishi mumkinligi haqida Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Rossiya va O`zbekiston rahbarlari aniq bir qarorga kelgandagina gapirish mumkin. Mintaqa davlatlari hozircha biror munosabat bildirmagan.

Sharhlovchilar nazarida ijobiy fikr yangrashi amrimahol. Tashkilot yetakchisi bo`lmish Rossiya NATO bilan munosabatlar sovuqlashgan bir paytda mintaqa davlatlarini yagona harbiy ittifoqqa yig'ishga harakat qilmoqda.

“Chunki Gruziya urushidan keyin ko`pchilik davlatlar vaziyatni tushunib qolgan. Masalan, Polsha radarlar bilan bog`liq shartnomani imzoladi. Avval paysalga solib kelayotgan edi, Rossiya tomonidan harbiy agressiya bo`lishidan qo`rqib. Bu faqat Gruziya misolida emas, boshqa davlatlar misolida ham takrorlanishi mumkin. O`zbekiston shu vaziyatdan kelib chiqib, xulosa qilishi kerak. Buning uchun demokratik yo`nalishga o’tish lozim, aks holda muammolar yanada chuqurlashadi. Rossiyadan uzoqlasha olmaydi”, - deydi sharhlochchi Iskandar Xudoyberganov.

Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining sammiti o’tayotgan bir paytda Qozog`istonga NATO Bosh kotibi o`rinbosari Klaudio Bisonero tashrif buyurdi.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Marat Tajin va Mudofaa vaziri Danial Axmetov bilan o'tgan muzokaralar NATO va mintaqa hamkorligini kuchaytirishga qaratildi.

Islom Karimov Buxarestda o`tgan NATO sammitida ishtirok etgach, O`zbekiston-NATO munosabatlari tiklana boshladi. Termizdagi harbiy aerodromdan foydalanishda NATO uchun imkoniyatlar kengaytirildi.

Siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoyev so’zlariga ko`ra, NATO bilan hamkorlik Afg`onistondagi vaziyat bois ham juda muhim.

“Biz uchun Ukraina yoki Gruziyaning NATOga qo`shilishi ahamiyatli emas. Birinchi navbatda, NATOning Afg`onistondagi pozitsiyasini kuchaytirish, toliblarning hokimiyatga kelishiga qarshilik qilish uchun qo`shin va harbiy texnika sonini ko`paytirishdan manfaatdormiz”, - deydi u.

O`zbekistonda yaqinda mudofaa vaziri almashdi. Ruslan Mirzayevning o'rniga yetakchi harbiylardan biri, Qobil Berdiyev, tayinlandi. Ayrimlar buni Kogondagi harbiy omborxonalarda yuz bergan portlash bilan izohlasa, ayrimlar yangilanish sababini mintaqada xavfsizlik bilan bog`liq vaziyatning keskinlashganida ko'radi.

NATO O`zbekiston bilan aloqalarida inson huquqlari masalasini chetlab o`tishi qiyin. Islom Karimovning Buxarestdagi sammitga taklif qilinishi shu bois xalqaro miqyosda huquq himoyachilari e`tiroziga sabab bo`lgan edi.

Sharhlovchilar nazarida xavfsizlik bo`yicha yuzaga kelgan so`nggi vaziyat O`zbekistondan nafaqat harbiy, balki inson huquqlarini e'zozlash bobida ham ildam qadam tashlashni talab etmoqda.

XS
SM
MD
LG