Breaking News

AQSh Pokiston yangi hukumati bilan til topishishga urinmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida Pokistonda yashiringan terrorchi guruhlar, ham qo’shni Afg’oniston barqarorligiga, ham AQShga jiddiy tahdid solmoqda.

Ularga kuchli zarba berish Vashington-Islomobod orasida yaqin hamkorlikni taqozo etadi. Biroq, deydi Geyts, Pokiston yangi hukumati harbiy amaliyotlarni oshkora qo’llab-quvvatlashdan bosh tortmoqda.

AQSh mudofaa vaziri nazarida Pokiston g’arbidagi qabilalar yashovchi mintaqa shunday bir manzilki, u yerga na hukumatning, na harbiylarning qo’li yetadi.

“Pokiston hududida panoh topgan Al-Qoida va Tolibon nafaqat Afg’onistonga bemalol kirib hujumlar uyushtirmoqda, balki G’arb manfaatlariga qarshi terrorchilik amaliyotlari ham shu yerdan turib rejalanadi”, - deydi Robert Geyts.

AQShning Afg’onistondagi qo’mondoni Deyvid Makkirnan Pentagondan kamida 10 ming sonli qo’shin so’ragan, biroq bu talabni faqatgina kelasi yil bahorga borib amalga oshirish mumkin bo’ladi.

AQSh Iroqdagi askarlarining bir qismini Afg’onistonga safarbar etmoqchi.

Mudofaa vaziri Robert Geyts “afg’on armiyasi safini kengaytirib, harbiy salohiyatini oshirishga urg’u beraylik”, - deydi. Vazir nazarida Afg’onistondek o’z sarhadida xorij qo’shinlariga toqat qilmaydigan jamiyatda mahalliy armiyani oyoqqa turg’izib vazifani ularga topshirgan ma’qul.

Xavfsizlikni mustahkamlash qatorida yana ikki muhim vazifa - mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvol va boshqaruvni yaxshilashdir. “Xalqaro donorlar va moliyaviy tashkilotlar Afg’onistonga bergan va’dalarini unutmasin”, - deydi Geyts.

Iroqda bi yil xurujlar 80 foizga kamayganiga qaramasdan, vazir nazarida, u yerdan Amerika askarlarini butunlay olib chiqishga hali erta.

Kelasi yil AQSh Iroqdagi 150 mingdan oshiq qo’shinidan sakkiz mingini olib chiqadi. Ularning bir qismi Afg’onistonga jo’natiladi.

XS
SM
MD
LG