Barak Obama: Amerikaga zamon bilan hamnafas rahbar kerak


AQShda Demokratik partiya o’zini ishchi mehnatkashlar partiyasi deb tanishtiradi. Nizomiga ko’ra, oddiy xalq manfaatlari uchun kurashuvchi siyosiy guruh.

Raqib tomon – Respublikachilar partiyasi bu faqat qog’ozda deydi. Demokratlar aslida o’zini elita biladi, ishchilar sinfini qo’shtirnoq ichida himoya qilishdan maqsad hokimiyatni egallash deydi respublikachilar.

Nima bo’lishidan qat’iy nazar bu yilgi prezident saylovlari oldidan nomzodlar, jumladan demokrat Barak Obama (Barack Obama) va u vitse-prezidentlikka tanlagan Jo Bayden (Joe Biden) fabrikayu zavod, korxonayu kompaniyalarni kezib, mehnatkashlar ko’nglini ovlamoqda. Ularning ovozisiz Oq Uyga saylanish qiyin.

Prezidentlikka nomzodni ommaga tanishtirayotgan odam – ishsiz. Michiganda, AQSh avtomobilsozlik shtatida zavodlar yopilgach, ishidan ayrilgan.

Amerikada gibrid - ham benzin, ham tokda yuradigan mashinalar haydashni tar’gib qilayotgan Barak Obama “Michiganda yangi ish o’rinlari yarataman” deydi.

“Bu shahar va bu shtat aholisi iqtisodiyotimiz boshi berk ko’chaga kirib qolganini yaxshi biladi. Jon Makkeynga shuni eslatib qo’ying”,- deydi Obama.

Respublikachi Jon Makkeyn (John McCain) prezident bo’lsa, ishchilarni qayta tayyorlash markazlari ochmoqchi. Uning vitse-prezidentlikka nomzodi Sara Peylin (Sarah Palin) “ishsizlikni yengish uchun hokimiyat tepasiga Makkeyn va mendek omilkor odamlar kelishi kerak” deydi.

Vitse-prezidentlikka demokratlardan nomzod Jo Bayden fikricha esa respublikachilar oddiy xalqqa nima yetishmayapti deb so’rayotgani yo’q.

“Respublikachilar biror yechim taklif qilayotgani yo’q. Ishsizlik, sog’liqni saqlash…. Sizni qiynayotgan muammolar haqida mana men bilaman. Chunki orangizda katta bo’lganman”, - deydi Bayden.

Saylov kampaniyalarini yaqindan kuzatayotgan mutaxassis Jon Saydes nazarida demokratlar e’tiborni iqtisodiyot va ijtimoiy tengsizlikka qaratib to’g’ri qilyapti .

“Demokrat nomzodlar saylov strategiyasini yangilab, asosan bir narsaga urg’u bermoqda. Eng dolzarb masala - iqtisodiyot”,- deydi Saydes.

Lekin Barak Obama va Jo Bayden turlicha yondashuvga ega.

Onasi oq tanli, otasi qora tanli bo’lgan Obama Garvard Universitetini bitirgan. Kasbi advokat. Yirik firmalarda emas, quyi tabaqa manfaatlarini himoya qiluvchi markazlarda ishlagan.

Kongressga 29 yoshidan beri a’zo, 65 yoshli senator Bayden esa oddiy ishchi oilasida katta bo’lgan. Boshqa senatorlar alohida samolyotda ishga qatnasa, Bayden poyezdda yurishni ma’qul ko’radi.

“Bayden va Obama turlicha kelib chiqishga ega amerikaliklar. Har biri o’ziga xos tajriba va tarjimai holga ega. Turli avlod va tabaqa vakillari", - deydi Saydes.

Jo Bayden Senatda Tashqi Aloqalar Qo’mitasi raisi va tashqi siyosat bilan bog’liq masalalarni yaxshi tushunadi.

Tahlilchi Stiven Xess fikricha Baydenning bu tajribasi Barak Obama uchun ayni muddao.

“Bayden xalqaro hamjamiyat bilan yaxshi tanish. Dunyo ishlarini eng yaxshi tushunadigan senator desak xato bo’lmaydi. Barak Obamaning bu boradagi bilimi ancha sayoz… Baydenni vitse-prezidentlikka tanlab to’g’ri qildi”,- deydi Xess.

Baydenning saylovdagi raqibi Sara Peylin ham tashqi siyosat bilan unchalik tanish bo’lmagan arboblardan. “Bellashishga tayyorman”, - deydi Bayden.

“Peylinni ham men kabi so’roqqa tutishlari tabiiy. Zamon haqida qanday fikrda? Nimani biladi? Nimani qoyillatib qo’ygan? Nima qilmoqchi”?

Nomzodlar har kuni har shtatda. Obama ishchilar shtati hisoblanmish Pensilvaniya bo’ylab kezsa, Bayden Floridaga safar qilib, nafaqaxo’rlar va yahudiy saylovchilar bilan uchrashmoqda. Lekin demokratlar reytinglarda respublikachilardan orqada. “Hechqisi yo’q”,- deydi Obama.

“Odamlar biz nimaga qodir-u, raqib partiya nima qila olishi haqida ko’proq tasavvurga ega bo’lgan sari xalq orasida bizni quvvatlovchilar ko’paysa ajabmas. Ishonchim komil bunga”.

Nomzodlar orasida yuzma-yuz bahsu munozaralar boshlanar ekan, hozirgi so’z o’yinlari yakkama-yakka siyosiy janglarga, mafkura va avlodlararo kurashga aylanadi.

XS
SM
MD
LG