Breaking News

Qo'shma Shtatlar iqtisodiy tanazzulga yechim izlamoqda


Prezidentlik muddati poyoniga yetib borayotgan Jorj Bush, darhol chora ko’rilmasa, mamlakat iqtisodiy tanazzulga yuz tutishi mumkin deya ogohlantirar ekan, bugun prezidentlikka nomzodlar Barak Obama va Jon Makkeyn bilan maslahat qillmoqda.

Bush vaziyatni o’nglash uchun 700 milliard dollar yordam puli ajratish kerak deydi. Kongressdan bu rejani tasdiqlashni so’ramoqda.

“Ahvol juda og’ir, lekin muammoning yechimi bor”, - deydi Bush.

Xalqqa murojaat qilar ekan, prezident “bozor zarar ko’rsa, jabrini Amerikadagi har bir xonadon tortadi”, - dedi.

“Tadbirkorlar kasodga uchrashi, millionlab amerikaliklar ishsiz qolishi mumkin. Uy, mashina xarid qilish, bolani o’qishga joylash -- buning xarajatini ko’tarish qiyin bo’lib qoladi”, – deydi Bush.

Shu paytgacha Bush AQSh iqtisodiyoti mustahkam deb kelayotgan edi. Biroq ahvol og’irlashgani sari Oq Uy muammoni tan olishga majbur bo’lmoqda. AQSh ko’chmas mulk va sarmoya bozoridagi ayrim yirik kompaniyalar qarzga botib qolgan. Vashington mana shu qarzni ko’tarishga qaror qilgan. Yuqorida tilga olingan 700 milliard dollar shu sabab so’ralmoqda.

Biroq ba’zi qonunchilar nazarida davlat xususiy sektorga aralashmasligi lozim. Bu tabiiy jarayon, bozor o’zini o’zi eplaydi, deydi ular.

Demokrat qonunchi Bred Sherman fikricha, prezident taklif qilgan reja xususiy kompaniyalarni qutqarishi mumkin. Lekin oddiy fuqaroga bundan foyda bo’lmaydi deydi u.

Respublikachi qonunchi Kliff Sternz nazarida esa bu loyiha Amerika fuqarolarini o’marish bilan barobar. “Xususiy kompaniyalar oqibatini o’ylamay ish ko’rgan-u, zararini soliq to’lovchi oddiy xalq ko’rsin ekan-da”, - deb e’tiroz bildiradi qonunchi.

Prezidentlikka nomzodlar – demokrat Barak Obama va respiblikachi Jon Makkeyn yechimni birgalikda izlash tarafdori. Jon Makkeyn hatto ertaga rejalangan nomzodlar bahsini qoldirishga tayyor.

“Kongress bir to’xtamga kelmaguncha, tortishuv-munozarani to’xtatib turaylik”, - deydi Makkeyn.

Biroq Barak Obama bu fikrga qo’shilmaydi.

“AQShga chaqqon, bir paytning o’zida mingta ishni eplay oladigan, xalq hayotini osonlashtira biladigan rahbar kerak. Amerika xalqi bo’lg’usi prezident nimaga qodir ekanini nomzodlarning yuzma-yuz bahsi orqali biladi”, - deydi Obama.

XS
SM
MD
LG