O'zbekiston: "Yevropa Ittifoqi ikki standartli siyosatni tashlasin"


So’nggi paytda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo, jumladan, O'zbekistonga alohida e’tibor qaratmoqda.

Yaqinda Bryusselda Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston Hamkorlik Kengashining sakkizinchi yig`ilishi, Parijda “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo” hamkorligi forumi o’tkazildi.

Kelasi oy esa Yevropa Kengashi O`zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni qayta ko’rib chiqadi. Faollar fikricha O`zbekistondagi inson huquqlari masalasiga qaratilgan bu munozaralar mamlakat jamoatchiligi e`tiboridan chetda qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi-O`zbekiston munosabatlariga taaluqli muzokaralar mahalliy matbuotda yoritildi deyish qiyin. O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining yig`ilishiga doir bayonotini hisobga olmaganda, albatta.

Oxirgi paytlarda O’zbekiston matbuotida inson huquqlari mavzusi, bu borada o`tkazilayotgan tadbirlar keng yoritilayotgan bo`lsa-da, Yevropa Ittifoqi joriy etgan sanksiyalar, bu sanksiyalar inson huquqlari borasidagi vaziyatga asoslanib qo’yilgani chetlab o`tiladi.

“80-85 foiz aholi inson huquqlari borasida kechayotgan muzokaralardan bexabar. Mahalliy matbuot hukumat aytgan narsani yoritadi. Muzokaralardagi tub masala, O`zbekistonga qo`yilayotgan talablar, O`zbekiston javobi haqida hech narsa deyilmaydi. Jamoatchilik bundan bexabar. Internet yoki chetdan axborot oluvchi 15-20 foiz aholi xabardor bo`lishi mumkin”, - deydi huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov.

“O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi Hamkorlik Kengashining sakkizinchi yig`ilishida O`zbekiston delegatsiyasi teng huquqli asosda Yevropa Ittifoqi bilan barcha sohalarda munosabatlarni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi,” – deyiladi tashqi ishlar vazirligi matbuot bayonotida.

Bu bayonotda O`zbekistonning e`tirozlari ham bildiriladi. Ta`kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi “ikki standartli” siyosatdan voz kechishi, munosabatlar qurishda “lider”, “yetakchi va yetaklovdagi davlat” formulasiga ko`ra yondashilmasligi kerak.

Sharhlovchilar fikricha Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni bekor qilishga tayyor. Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar nazarida respublikada ahvol hamon og'ir.

Siyosiy sharhlovchi Abdukarim Soyibov so’zlariga ko’ra, sanksiyalarni bekor qilish Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston hukumati manfaatlariga mos keladi.

“Yevropa Ittifoqi O`zbekistonda o`z missiyasini ochish harakatida. Bu sanksiyalarni mutlaq olib tashlash, munosabatlarni avvalgi, 2005 yilgacha bo`lgan holatga qaytarishga asos beradi. O`zbekiston tomoni ham keyingi paytda Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan bir qancha islohotlar o`tkazdi”, - deydi sharhlovchi.

O`zbekiston inson huquqlari jamiyati vakili Bobomurod Razzoqovning aytishicha esa sanksiyalarni bekor qilsh navbatdagi xatolik bo`ladi.

“Konstitutsiyaga muvofiq, harakat borayotganini tasavvur qilish ham mumkin emas. Sudlarda mustaqillikning o`zi yo`q. Yevropa Ittifoqi qanday axborotlarga ko`ra ijobiy o`zgarishlar bor deyapti, men bilmadim. Biz vaziyatni mamlakat ichida turib kuzatayapmiz. Yevropa Ittifoqi tashqarida turib yaxshilanayotganini qanday ko`rayapti? Agar ular istasa, vaziyatni o`zgartirish uchun richaglarga ega. Gap faqat shu xohishda”, - deydi Bobomurod Razzoqov.

XS
SM
MD
LG