Tahlilchilar: Janubiy Koreya – yaxshi ish topsa bo'ladigan davlat


O’zbekiston Janubiy Koreya bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda.

19 sentyabrda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Toshkentda uchrashgan edi. Tez o’tmay koreyalik tadbirkorlar biznes imkoniyatlar bilan tanishish uchun O`zbekistonga keldi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, rasmiy Seul Toshkent bilan bir maromda, mo`tadil aloqa qilib kelayotgan davlat.

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda 180 mingga yaqin koreys yashaydi, o`zbekistonliklar uchun Janubiy Koreya yaxshi ish topsa bo’ladigan davlat sifatida ma`lum.

Yaqinda O`zbekistonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda kvars moddasini qidirish, qazilma ishlari yuritish bilan shug’ullanuvchi qo`shma korxona tashkil etildi.

Birmuncha avval Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Ustyurt platosida gaz-kimyo kompleksi bazasida gazni qayta ishlash, kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik qo`shma korxona tashkil etilgan edi.

Navoiy viloyati aeroportida Koreya aviakompaniyasi bilan hamkorlikda xalqaro logistika markazi ochilmoqda.

Xalqaro yo`nalishlar bo`yicha aviayuklar tashish, qabul qilishga mo`ljallangan logistika markazi koreyalik mutaxassislar ko`magida ishga tushishi kutilmoqda.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan Janubiy Koreya-O`zbekiston munosabatlarida iqtisodiy manfaatlar ustuvor.

“G`arb tomondan O`zbekistonga nisbatan axborot urushi boshlangan paytda ham Janubiy Koreya munosabatini o`zgartirmagan. Strategik hamkorlikni saqlab qolgan edi. Janubiy Koreya, asosan, O`zbekistondagi neft-gaz sohasiga, bu mahsulotlarni qazib chiqarish ishlariga sarmoya kiritmoqda. Rossiya, Yevropa mintaqadan yangi quvurlar o`tkazishni o`ylayotgan bo`lsa, Koreya, asosan, bu sohaga investitsiya kiritish bilan cheklanmoqda”, - deydi sharhlovchi Abdukarim Soyibov.

Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Koreya bilan hamkorlikda tuzilgan 330 dan oshiq qo`shma korxona mavjud, 40 dan oshig`i to’liq Koreya sarmoyasiga asoslangan. Imzolangan shartnomaga ko`ra, ikki davlat o`rtasida imtiyozli savdo muhutini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Sharhlovchilarning aytishicha, O`zbekistonda konvertatsiya bilan bog`liq muammo koreyalik tadbirkorlarni ham chetlab o`tmadi.

O`zbekiston-Koreya munosabatining xarakterli tomoni O`zbekistonda koreyslar jamoasining ko`pligi, Janubiy Koreyada ham o`zbekistonlik mehnat muhojirlari soni oshayotganidadir.

Koreya tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Li Yong Jun mahalliy matbuotdagi intervusida aloqalar rivojlanayotgani, xalqlar o`rtasida yaqinlik, madaniy uyg`unlik mavjudligini qayd etdi.

Koreyslar O`zbekistonda ko`p sonli jamoalardan biri, Janubiy Koreyadagi o`zbek ishchilari, asosan, yaqin o`n yil ichida ko`paygan.

“Buxoro, Samarqand, Farg`ona vodiysidan ham hozir ko`pchilik Janubiy Koreyada. Ular, asosan, Seul shahri atrofida joylashgan, qishloq xo`jaligida, kichik-kichik firmalarda ishlaydi. Ish haqi 1,5-2,0 ming dollar atrofida, bu Rossiya, Qozog`istondagiga nisbatan ko`p, o`zbekistonliklarning qanchaligi haqida aniq hisob-kitoblar yo`q. 100 minggacha bo`lishi mumkin, chunki bir kishi ketsa, orqasidan ukalari, qo`shnilari, jiyanlari jo`nayotgani ma`lum”, - deydi Tezkor guruh analitik markazi tahlilchilaridan biri Shuhrat G`aniyev.

Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, so`nggi paytda Janubiy Koreyadan ish topish haqidagi taklif ko`plab fuqarolarning aldanib qolishiga, firibgarlik bilan daromad topish yo`llaridan biriga aylanmoqda.

XS
SM
MD
LG