Breaking News

Rossiya: Yevropa xavfsizligini ta'minlovchi yangi tizim kerak


“Amaldagi tizim Kavkazdagi mojaro chog’ida sinovdan o’tmadi”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. Uning aytishicha, Yevropada ishonchli kollektiv xavfsizlik tizimini joriy etish kerak.

BMT Bosh Assambleyasida so’zlagan nutqida, Lavrov Yevropa xavfsizligi masalalariga doir sammit o’tkazishni taklif qilgan.

“Mamlakatlar xalqaro huquq normalarining ustuvorligi, boshqa davlatlar ishki ishlariga aralashmaslik, nizoli masalalarni tinch yo’l bilan hal etish tamoyillariga amal qilishini yana bir bor tasdiqlasin”, - deydi Sergey Lavrov.

Tahlilchilar nazarida Rossiya bu bilan AQShning Yevropada mudofaa tizimi o’rnatish rejasiga ishora qilmoqda. AQSh, Rossiya qarshiligiga qaramay, rejani Polsha va Chexiya bilan tasdiqlagan.

Rossiya-Gruziya mojarosiga to’xtalar ekan, Sergey Lavrov “masala allaqachon hal bo’lgan. Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan oldi. Endi orqaga qaytish yo’q”, - dedi.

AQSh va Yevropaning ayrim davlatlari nazarida Kreml Fransiya vositachiligida erishilgan sulh bitimini hamon to’liq bajargani yo’q.

BMT Bosh assambleyasida O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov so’zga chiqib, Afg’oniston masalasini ko’tardi.

“Xalqaro koalitsiya kuchlari hamda dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlariga qaramasdan, bu mamlakatda vaziyat tobora izdan chiqmoqda", - dedi Norov.

"Tinchlik va barqarorlikka harbiy yo’l bilan, siyosiy-ijtimoiy muammolarni hal etish, yordamni oshirish, aholiga ish joylari yaratish va kambag’allikni kamaytirish orqali erishishish mumkin”.

XS
SM
MD
LG