Bushning moliyaviy yordam rejasi Vakillar Palatasida rad etildi


Prezident Jorj Bush Kongressni moliyaviy inqirozdan chiqish uchun taklif etilgan 700 milliard dollarlik dasturni tez qabul qilishga chaqirmoqda, ammo bugun ushbu qonun loyihasi Vakillar Palatasida rad etildi.

Palata masala yuzasidan qayta ovoz berishi mumkin. Oq Uy nazarida qonunchilar muammo zaminini tushunmayapti va mamlakat iqtisodiyoti xavf ostida.

"Aminmanki, ushbu dastur hamda moliya vazirligi va Markaziy Bank taklif qilgan choralar Amerika moliyaviy tizimi va iqtisodiyotimizga kuch beradi", - deydi Bush.

Uning fikricha qonun loyihasi bo'yicha muzokaralar qiyin kechgan. Moliyaviy inqiroz investitsion banklarning qarzni ishonchsiz kreditorlarga katta miqdorda berishi natijasida vujudga kelib, oqibatda moliya bozoridagi kredit hajmi keskin qisqargan.

"Yangi qonun pulga muhtoj oilalar va tadbirkorlarga kundalik ehtiyojlarini qondirishi va xarid qilishi uchun kredit oqimini tiklab beradi", - deydi Bush.

Bush taklif qilayotgan 700 milliard dollarlik dastur soliq to'lovchilar hisobiga qoplanadi. Ayrim amerikaliklar o'z soliqlarining xususiy kompaniyalar muammolarini hal qilish uchun ishlatilayotganidan norozi.

"Agar Kongress loyihani qabul qilsa, AQSh va xorijdagi moliya bozorlariga jon kiradi. Bu mamlakat iqtisodiyoti va har bir amerikalik farovonligi uchun muhimdir," deydi AQSh rahbari.

Bush ta'biricha loyihaning qabul qilinishi bilan barcha iqtisodiy muammolar bir kunda yo'qoladi deb o'ylamaslik kerak.

Qonun tasdiqdan o'tgan taqdirda pul uch qismga bo'lib ajratiladi. Uning sarflanishini Markaziy Bank raisi a'zoligidagi maxsus guruh nazorat qiladi.

Dasturga ko'ra millionlab dollar maosh olayotgan moliyaviy kompaniya rahbarlarining ish haqiga cheklov qo'yiladi. Dasturdan naf ko'rayotgan kompaniyalarga maxsus soliq solinishi ham mumkin.

Respublikachi senator Jad Gregning umid qilishicha, qonun qabul qilingach, moliya va kredit bozoriga jon kiradi.

AQShdagi moliyaviy inqiroz va iqtisodiyotning bugungi ahvoli prezidentlikka nomzodlar respublikachi Jon Makkeyn va demokrat Barak Obama o'rtasida kechgan teledebatda muhim o'rin egalladi. Qonun uchun bugungi ovoz berishda ularning ikkalasi ham uni tasdiqlashi kutilmoqda.

Debatdan ikki kun o'tib ham nomzodlar iqtisodiyot haqida munozara qilmoqda. Ularning har ikkisi Bush rejasini ma'qullaydi, ammo uning ijrosi bo'yicha qarashlari turlicha.

Jon Makkeynning aytishicha, Amerikada o'rta sinf ishchilari moliyaviy inqirozdan katta zarar ko'rishi mumkin, shu sabab uning uchun bu masala birinchi raqamli mavzu bo'lib qoladi.

Barak Obama fikricha esa Makkeyning moliyaviy dastur bo'yicha muzokaralarga aralashuvi foydadan ko'ra zarar keltirdi, chunki u muzokaralarni saylov kampaniyasiga bog'lashga harakat qilgan.

Obama kecha saylov kampaniyasini Michiganda olib borgan. 7 oktyabr kuni ular ikkinchi telebatda kuch sinashadi. Payshanba kuni esa vitse-prezidentlikka nomzodlar ilk bor yuzma-yuz bellashadi. Respublikachi Sara Peylin demokrat Jo Baydenga qarshi.

Peylin Alyaska shtati gubernatori bo'lib unga bo'lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Ayniqsa uning tashqi siyosat borasidagi bilimi ko'pchilikni qiziqtirmoqda.

Makkeynning aytishicha, u Peylinni saylovlarda o'ziga sherik qilib olganidan xursand, chunki bu hol mamlakat bo'ylab katta qiziqish uyg'otdi.

"Peylin odamlar bilan aloqa qilishni biladi", - deydi Makkeyn.

Barak Obama Peylin haqida fikr bildirishdan bosh tortib debat vaqtida amerikaliklar bu siyosatchi ayol haqida xulosa qilib oladi dedi.

XS
SM
MD
LG