Qo'li gul inson istagan yerda yo'lini topib ketadi


Rasm chizib, mol-davlat, nom qozongan odamlar tarixda ko’p bo’lgan.

Biroq rassomchilik, ba’zilar nazarida jiddiy kasb emas. Ko’p hollarda musavvirning ijodi uning vafotidan so’ng qadrlana boshlaydi.

Shunday bo’lsa-da, rassom bo’laman deydiganlar kam emas. Bugun bu san’at sirlarini egallagan inson o’z hunarini ko’p sohalarda qo’llasa bo’ladi.

Tatyana Igumnova Hankinson asli O’zbekistondan, shu kunlarda AQShning Florida shtatida uning asarlari ko’rgazmasi o’tmoqda.

Sharq rassomining ishi amerikalik ustalarnikidan farq qiladi, deydi u. Amerikalik musavvirlar ko’pincha, deylik, Meksikacha janrda ijod qiladi.

Ularda yorqin ranglar, ehtiros ustuvor. Sharq rassomlari esa bosiq ranglar bilan ishlaydi, falsafa, mushohada qilishga chorlaydi bu asarlar, deydi rassom.

Tatyana Hankinson Floridadagi Tampa Rassomlar Uyushmasi (Tampa Realistic Artists, Old Hyde Park Art Center) vitse-prezidenti.

2006 yilda moyli va akril bo’yoqlar bilan ishlovchi rassomlar tanlovida g’olib bo’lgan. Hozir Floridada davom etayotgan ko’rgazmada (The Great Frame up Gallery) 50 dan ortiq rasmlari namoyish etilmoqda.

U Amerika san’at ixlosmandlari orasida har xil yo’nalishda ijod qila olishi bilan tanilgan.

Rassomning akril, pastel va moyli bo’yoqlar bilan ishlangan asarlari, qadim Samaqand va Buxoro, yomg’ir yog’ib turgan mag’rur Nyu-York shahri, quyosh nuriga cho’mgan Aspen tepaliklari tasviri odam e’tiborini darrov o’ziga tortadi.

Tatyana Hankison Toshkentda 7 yillik san’at maktabini bitirgan (avvalgi Kuybishev nomli San’at maktabi).

“Bir yil Traktor zavodida rassom bo’lib ishlagach, kun ko’rish qiyinligini tushundim”, - deydi u. Ko’p o’ylab o’tirmay Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetiga hujjat topshirgan, diplomni olib, uzoq vaqt iqtisodchi bo’lib ishlagan.

Tatyananing turmush ortog’i AQSh fuqarosi. 6 yil avval Toshkentda uchrashib, bir-birimiz ko’ngil qo’ydik, deydi u.

“Aynan Amerikaga kelganimdan keyin yana ijodga qaytish imkoniyatim paydo bo’ldi”, - deydi musavvir.

“Lekin Qo’shma Shtatlarda ham mo’yqalam bilan ro’zg’or tebratish qiyin. Albatta biror boshqa kasbingiz, daromad manbaingiz bo’lishi kerak, aks holda och qo’lish hech gapmas. Masalan, o’zim ham bolalar va kattalarga rasm chizishdan dars berib, pul topaman”, - deydi u.

Umuman, hammasi harakatga bog’liq.

Rassom faqat mo’yqalam bilan chizishni emas, balki har xil galereya, muzeylarga borib, aloqa o’rnatishni, gazeta-jurnallarga e’lon berishni, hisob-kitob qilishni ham bilishi kerak.

“Odamlarga o’zingizni tanitmasangiz, hech kim sizni o’zi izlab kelmaydi”, - deydi Tatyana Hankinson.

“Lekin baribir, agar rasm chizishga ishtiyoqingiz bo’lsa, aslo bundan voz kechmang. Do’st-birodar, yaqinlar “qo’y, boshqa pullik ish top” deb maslahat berishi mumkin. O’zimning boshimdan o’tgan. Eshitmang ularni. Yaxshilab harakat qilib, ko’proq chizib, biroz sabr qilsangiz, omad albatta kulib boqadi”, - deydi musavvir Tatyana Hankinson.

O’zbekistonlik bu rassomning ijodi asta-sekin Amerikaning turli shaharlarida tanilmoqda.

Yil oxirigacha yana bir necha ko’rgazma rejalagan. “O’tirib, zerikishga vaqt yo’q. Xayriyat”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG