Breaking News

Moliya bozorini qutqarish harakatlari davom etmoqda


Prezident Bush tomonidan moliyaviy inqirozga barham berishga qaratilgan 700 milliard dollarlik dastur kecha Kongressning Vakillar Palatasidan o'tmagan. Qonun loyihasiga 133 nafar respublikachi va 95 demokrat kongressmen qarshi chiqqan.

Kongressda ozchilik sardori, respublikachi Jon Bonerning aytishicha, palata spikeri Nensi Pelosi ovoz berishdan oldin qonunga qarshi izohi bilan uni qo'llab-quvvatlamoqchi bo'lgan ba'zi qonunchilarni yo'ldan urdi.

AQSh Moliya vaziri Genri Polson loyihaning mashaqqatli mehnatdan so'ng o'tmaganidan o'ta norozi ekanini bildirgan va uni imkon qadar tezroq qayta ko'rib chiqib, yana ovozga qo'yish kerak degan.

"Men Kongress rahbarlari bilan vaziyatdan chiqish yo'lini qidirishda davom etaman," dedi Polson.

Oq Uyda Ukraina prezidentini qabul qilgan Bush ham Vakillar Palatasida yakdillikning yo'qligidan afsusda ekanini aytgan.

"Qonun moliyaviy inqirozdan chiqishga va bozorlarni barqarorlashtirishga yordam beradi. Respublikachilar va demokratlar uni maromiga yetkazadi deb umid qilaman," deydi Bush.

Qonunning Kongressda rad etilishini prezidentlikka nomzodlar demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn ham izohlagan. Obama kecha Kolorado shtatida edi.

"Qonun albatta qabul qilinadi, ammo bu oson bo'lmaydi," dedi Obama.

U raqibini Bushning iqtisodiy siyosatini qo'llab-quvvatlaganlikda ayblab fuqarolarni saylov kuni o'zgarishlarga ovoz berishga chaqirdi.

"Biz xato siyosat natijasiga guvoh bo'lyapmiz. Sakkiz yillik mas'uliyatsizlik oqibatini ko'rib turibmiz. Oq Uyda tartib o'rnatish vaqti keldi," dedi Obama.

Saylov kampaniyasini Ayova shtatida olib borayotgan senator Jon Makkeyn qonunning o'tmaganida Obama va uning partiyadoshlarini aybladi.

"Umumiy muammolarni hal qilish uchun siyosiy qarashlarni chetga surib qo'yish kerak. Senator Obama va uning safdoshlari Kongressda qonunchilar fikrini bo'lishga harakat qildi," dedi Makkeyn.

Qonun Vakillar Palatasi tomonidan rad etilgan zahoti AQSh birjasida Dou-Jouns ko'rsatkichi olti foizga tushib ketdi. Bu 2001 yil 11 sentyabr xurujlaridan so'nggi raqamdan ham past. Osiyo bozorlarida aksiyalar qiymati tushdi.

Ammo prezident Bush bugun ertalab bayonot qilib, bozorni tinchlantirishga uringanidan so'ng, Dou-Jouns ikki foizga o'sdi.

XS
SM
MD
LG