Breaking News

AQShdagi o'zbek mutaxassislari moliyaviy inqirozni sharhlaydi


Kolumbiya universiteti bitiruvchisi, yaqinda o'z xususiy firmasiga asos solgan Farhod Murodovning aytishicha, AQShdagi moliyaviy inqirozga banklarning mas'uliyatsizligi sabab bo'lgan. Kredit olish osonlashgan va natijada uni to'lashga qurbi yetgan ham, yetmagan ham olaverib, kredit bozorini quritgan.

Inqiroz oqibatida mayda biznes egalari va fuqarolar kredit ololmay qoldi, binobarin AQShda ko'pchilik qarzga yashaydi. Oq Uy ma'muriyati vaziyatdan chiqish uchun 700 milliard dollarlik reja taklif qilgan. Unga ko'ra, inqirozga uchragan bank aktivlari hukumat puliga sotib olinadi va iqtisodiyot oyoqqa turgach qayta sotuvga chiqariladi.

Farhod Murodov fikricha, Bush rejasi uzoq muddatda hukumatga foyda keltirishi ham mumkin, ammo moliyaviy bozor o'ziga kelmasa, undan battar botqoqqa botishi hech gap emas.

Biroq Bush rejasi Vakillar Palatasidan o'tmagan. Unga qarshi prezidentning partiyadoshlari ham ovoz bergan. Farhod Murodov fikricha, respublikachilardan prezidentlikka nomzod Jon Makkeyn tarafdorlari prezident rejasini qo'llab-quvvatlamaslik bilan Makkeynni Bush siyosatidan ajratishga harakat qilgan, chunki saylovchilar hozirgi inqirozni Bush ma'muriyatining iqtisodiy siyosati bilan bog'lamoqda.

Nyu-Yorkdagi qimmatbaho qog'ozlar bozori - Uoll Stritda ishlaydigan Kolumbiya universitetining yana bir bitiruvchisi, Farhod Inog'omboyev nazarida esa qonunga konservativ respublikachilar ovoz bermagan, chunki ular hukumatning erkin bozor aralashuviga qarshi. Bush rejasi - respublikachi qadriyatlariga zid, deb hisoblaydi ular.

Tahlilchilarga ko'ra, qonunning Kongress tasdig'idan o'tmaganiga yana bir sabab shuki, Kongressga saylovlar oldidan qonunchilar tavakkal qilishni ep ko'rmagan. Chunki oddiy xalq fikricha Bush rejasi ko'chmas mulkning qimmatlashishiga sabab bo'lgan va millionlab dollar pul ishlagan banklarni qutqarishga qaratilgan. Uni qo'llab-quvvatlagan qonunchi esa xalq manfaatiga qarshi ovoz berayotgan bo'lib ko'rinib, qayta saylana olmasligi mumkin. Kongressga saylovlar prezident saylovlari bilan bir kunda - 4 noyabr kuni o'tkaziladi.

XS
SM
MD
LG