Moliyaviy bo'hronga doir qayta ishlangan loyiha muhokamada


AQSh Senati bugun moliyaviy bo’hronni hal qilishga doir va so’nggi kunlar ichida qayta ishlab chiqilgan qonun loyihasi uchun ovoz beradi.

Vakillar Palatasi loyihaning avvalgi ko’rinishini rad etgan. Oq Uy va Kongress murosaga kelishga urinib, hujjatga ayrim tuzatishlar kiritgan.

Bush ma’muriyati byudjetdan 700 milliard dollar ajratib, moliya va sarmoya kompaniyalarini bankrotga uchrashdan saqlab qolmoqchi va murakkab ahvolda qolganlariga yordam qo’lini cho’zmoqchi.

Aks holda, deydi hukumat, Amerika moliya tizimi ishdan chiqishi mumkin.

Oddiy qilib aytganda, hukumat moliya sektoriga kapital berib turmoqchi. Bozor oyoqqa turib olgach, deydi AQSh Moliya vaziri Genri Polson, bu pul yana xalq cho’ntagiga qaytadi, bir necha baravar foiz bilan.

Biroq ayrim qonunchilar nazarida hukumatning xususiy sektorga aralashishi kapitalizmga qarshi qadam. Katta daromadni ko’zlab, noto’g’ri ish tutgan kompaniyalar qutqarishga arzimaydi; bozor o’zini-o’zi eplab ketadi, Oq Uy yoki Kongress chetda turishi kerak deydi qonun loyihasini rad etgan kongressmenlar.

Oq Uy Kongress bilan murosaga kelish uchun fuqarolarning bankdagi mablag’lari sug’urtasini oshirishga ko’ngan.

Sug’urta federal qonunlar asosida kafolatlanadi va shu kungacha kamida 100 ming dollarda belgilgan edi. Kongress endi bu raqamni 250 ming dollarga chiqarmoqchi. Loyihaning yangi soliq imtiyozlari berishi ham ko’zlanadi.

Senatda hukmron demokratlar yetakchisi Garri Rid loyiha qabul qilinadi degan umidda. “Kongressning ikki palatasi va Oq Uy fuqarolar uchun maqbul yechimni topishiga ishonchim komil”, - deydi senator.

Respublikachi senator Mitch Makkonnel, har ikki partiya masala ustida birga ishlamoqda, deydi. Fuqarolarni ishontirib aytamanki, reja joriy hafta qabul qilinadi, deydi respublikachi senator.

Loyihaning dastlabki ko’rinishi dushanba kuni Vakillar Palatasi tomonidan rad etilgan edi. Qarshi ovoz berganlarning aksariyati – respublikachilar bo’lgan...

Qarshi ovoz bergan respublikachilarning asosiy e’tirozi shuki, prezident Bush so’rayotgan 700 milliard dollar xalq karmonidan olinadi va bank tizimida sarmoya sifatida ishlatiladi. Soliq to’lovchining puli tavakkal ishlarga sarflanmasligi lozim deydi qonunchilar.

Demokrat Piter DeFazio fikricha, bozorning og’irini fuqarolarga yuklash to’g’ri emas, boshqa yo’l topish kerak.

Prezidentlikka nomzodlar, demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn iqtisodiy tanglikdan chiqish zarur, qonunchilar loyihani tezroq qabul qilishi lozim, demoqda.

Partiyalar birga harakat qilsin, deydi Makkeyn. Taklif qilingan reja ba’zilarga yoqmasligi mumkin, lekin harakat qilmasak, oqibati fojeali tugaydi, deydi respublikachi nomzod.

Barak Obama esa demokrat va respublikachilarni birdamlikka da’vat etar ekan, “Prezident bo’lsam, iqtisodiyotni mustahkamlayman”,- deydi.

Amerika qimmabaho qog’ozlar bozori hafta boshida 1 trillion dollar zarar ko’rgan. Yevropa bozorida ham vaziyat qaltis, yevro va funt qiymati pasaygan.

XS
SM
MD
LG