BMT O'zbekistondagi huquqiy ahvolni tahlil qilmoqda


BMTning Jenevadagi rasmiylari shu kunlarda O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatni muhokama qilmoqda.

Tashkilotning Inson Huquqlari Kengashida rasmiylardan tashqari nodavlat tashkilotlar ham ma’ruza qilyapti.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va mahalliy huquq himoyachilari ham mamlakatdagi vaziyat bo`yicha o’z qarashlarini bildiradi.

BMT doirasida O`zbekistondagi inson huquqlariga doir vaziyat birinchi bor muhokamaga qo’yilayotgani yo`q.

Tadbirda xalqaro tashkilotlarning O`zbekistonga oid hisobotlari tinglanadi. Unda respublika rasmiylaridan tashqari inson huquqlari bo'yicha nodavlat tashkilotlar ham qatnashishi mumkin.

Huquq himoyachilarining aytishicha, O`zbekistonda inson huquqlari borasidagi asosiy muammo shundaki, mamlakatda qiynoqlar hamon qo`llanmoqda.

“Qiynoqlar masalasi ko`rilishi turgan gap. O`zbekistonda inson huquqlari masalasida tubdan yoki qisman o`zgarish bor deb bo`lmaydi”, - deydi O`zbekiston inson huquqlari bo`yicha tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

So'nggi paytda O`zbekiston hukumati inson huquqlari masalasida qator islohotlarni amalga oshirgani ta`kidlab kelinadi.

BMT sessiyasida ham O`zbekistonda o`lim jazosi bekor qilingani, qamoqqa olish sanksiyasi sudlar vakolatiga berilgani, shuningdek, bir nechta xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilingani tilga olinishi kutilmoqda.

Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh vakili Suhrob Ismoilov so’zlariga ko`ra, o`tkazilgan islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshmoqda deb bo`lmaydi.

“Avval prokurorlar qamoqqa olingan odamning huquqlarini buzib, qanday sanksiya berishgan bo`lsa, hozir sudlar bu vazifani bajarishayapti, xolos. Buning uhun alohida sudyalar yaratilishi kerak edi. Ular boshqa ish bilan shug`ullanmasin. Shundagina bu islohot mustaqil tarzda ishlay olishi mumkin edi”, - deydi Ismoilov.

BMT va O`zbekiston o`rtasida inson huquqlariga oid vaziyat muhokamasi 2003 yilda BMT Qiynoqlarga qarshi qo`mitasi sobiq elchisi Teo Van Bovenning O`zbekistonga tashrifidan so`ng faollashgan edi.

BMT vakili O`zbekistonda qiynoqlar muntazam ravishda qo’llanilishi haqida xulosa bergach, hukumat qiynoqlarga qarshi kurash uchun milliy loyiha qabul qildi.

“Bu loyiha oxirigacha ijro qilinmadi, bu yerda bir nechta sabablar bo`lishi mumkin, Andijon voqelari, boshqalar. Van Bovenning qiynoqlarni to’xtatishga qaratilgan 22 tavsiyasidan 7-8 tasini hukumat bajargan. Biroq qanday bajarilgani noma`lum. Hozir BMTning Qiynoqlarga qarshi qo`mitasi yangi ma`ruzachisi O`zbekistonga kelaman deyapti, lekin hukumat unga viza bermayapti”, - deydi Surat Ikromov.

Suhrob Ismoilovning aytishicha, BMT doirasidagi muhokamalar vaziyat xalqaro jamoatchilik e`tiborida bo`lsagina natija berishi mumkin.

Mahalliy faollar nazarida inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat og’ir ekanini shundan bilish mumkinki, O’zbekistonda qiynoqlar muntazam qo`llanadi; huquq himoyachilariga nisbatan bosimlar kuchaygan; ularni qamoqqa olish hollari davom etmoqda va dindorlar taz’yiq ostida.

XS
SM
MD
LG