Senat Bush rejasini ma'qulladi


Prezident Bush Kongress Vakillar Palatasini Senatdan o'rnak olib, moliya tizimini o'nglashga qaratilgan va qayta ishlangan qonun loyihasini ma'qullashga da'vat etmoqda. Senatorlarning to'rtdan uch qismni kecha 700 milliard dollarlik dasturga ovoz bergan.

Loyihaning Senatda osonlikcha o'tishi Bush ma'muriyati va Kongress rahbarlariga uning ertangi qayta ovoz berishda Vakillar Palatasida ham tasdiqlanishiga umid bag'ishlamoqda. Hujjatning yangi ko'rinishida kichik biznes va o'rtamiyona oilalarga jami 100 milliard dollarlik soliq imtiyozlari belgilangan.

Prezidentlikka asosiy da'vogarlar demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn loyihani qo'llab-quvvatlagan. Obamaga ko'ra qonunning qabul qilinmasligi ko'plab amerikaliklarga moliyaviy zarar keltiradi.

"Bu degani tadbirkorlar ish yuritishi yoki maosh to'lashi uchun pul ololmaydi. Agar maosh to'lanmasa, xizmatchilarni ishdan bo'shatishga to'g'ri keladi. Xizmatchi ishdan bo'shatilsa, kredit karta bo'yicha to'lovlarini to'la olmaydi yoki bankdan kredit ola olmaydi. Bu esa oxir-oqibatda iqtisodiyotni jar yoqasiga olib keladi," deydi Obama.

Raqibi Jon Makkeyn ham dasturning muhimligini ta'kidlaydi.

"Agar loyiha qonunga aylanmasa, hozirgi inqiroz ofatga yetaklaydi."

Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barrozoning aytishicha, agar AQSh moliyaviy tizimidagi muammolarni hal qilmasa, bu xalqaro tizimga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

"Qo'shma Shtatlar mas'uliyatni his etishi lozim," deydi Barrozo.

Britaniyalik iqtisodchi Margaret Breyning aytishicha, hozirgi vaziyatda aybni yolg'iz AQShga qo'yish to'g'ri emas.

"Bunday ahvol jahondagi barcha moliyaviy markazlarda ma'lum vaqtdan buyon davom etmoqda. Nafaqat Nyu-Yorkda, balki London, Frankfurt, Tokio va Gong-Kongda ham. Chunki dunyoda hamma narsa bir-biriga chambarchas bog'liq," deydi londonlik mutaxassis.

Bugun Missuri shtatining Sent-Luis shahrida vitse-prezidentlikka nomzodlar demokrat-senator Jo Bayden va Alyaska shtati gubernatori respublikachi Sara Peylin yagona teledebatda munozara qiladi. AQShdagi moliyaviy inqiroz debatdagi asosiy mavzu bo'lishi kutilmoqda.

"Vashington Post" gazetasi va ABC News telekompaniyasi o'tkazgan so'nggi ijtimoiy so'rovga ko'ra, Obama Makkeyndan 4 foiz farq bilan oldinda ketmoqda. O'tgan hafta Obamaning ustunligi 9 foiz edi.

Mutaxassis Piter Braunning aytishicha, mamlakatdagi moliyaviy inqiroz tufayli saylovchilar ko'proq Obamaga umid qilmoqda.

"Saylovchilar hozirgi ahvolning kelib chiqishida hukmron partiya, ya'ni respublikachilarni ayblamoqda. Bu esa o'z-o'zidan Makkeynga zarar qilmoqda," deydi Braun.

XS
SM
MD
LG