Breaking News

Vitse-prezidentlikka nomzodlar teledebatda ishtirok etdi


Kecha vitse-prezidentlik uchun nomzodlar respublikachi Sara Peylin va demokrat Jo Bayden teledebatda ishtirok etdi. Alyaska gubernatori Peylin katta siyosatda yangi odam hisoblanadi, senator Bayden ortida esa ko'p yillik tajriba bor. Teledebat Missuri shtatidagi universitetda o'tdi.

Bir yarim soat davom etgan munozarada tomonlar Iroq, Afg'oniston, iqtisodiyot, atrof-muhitni saqlash, energetika kabi masalalar bo'yicha savollarga javob berdilar. Nomzodlar tanqidlarini asosan Barak Obama va Jon Makkeynga qaratdilar.

Peylinning aytishicha, Obamaning Iroqdan qo'shinlarni chiqarish qarori oq bayroq ko'tarish, taslim bo'lish deganidir.

Ammo Baydenning aytishicha, Obama xalq orasida katta norozilikka sabab bo'layotgan urushni tugatishga bel bog'lagan.

"Makkeyn uchun urushning oxiri ko'rinmaydi shekilli. Biz esa unga chek qo'ymoqchimiz," deydi Bayden.

Ta'kidlash lozimki, gubernator Peylinning o'g'li o'tgan oy Iroqqa safarbar etilgan. Senator Baydenning farzandi esa u yerga bugun jo'namoqda.

Prezidentlikka har ikki partiyadan nomzodlar hokimiyat tepasiga kelgan taqdirda o'rta sinf fuqarolarining iqtisodiy ahvolini yaxshilashini aytgan. Baydenning aytishicha, Makkeyn o'rta hol amerikalikning hayotidan bexabar, chunki moliyaviy inqiroz boshlanmasidan sal oldin u iqtisodiyot asoslari kuchli degan. Peylin esa Obamani soliqlarni oshirmoqchi bo'layotganlikda ayblaydi. Ammo Bayden nazarida Obama aslida o'rtahol oilalar uchun soliqlarni kamaytirib, daromadi yiliga 250 ming dollardan ko'p bo'lganlarga soliqlarni oshirmoqchi xolos.

Kuzatuvchilarga ko'ra, vitse-prezidentlikka nomzod etib tanlanganidan so'ng intervyu va chiqishlarda avvaliga ikkilanib va ishonchsiz gapirgan Peylin kechagi debatda savollarga ancha dadil javob bergan.

XS
SM
MD
LG