Virjiniyada musulmonlar ko'paymoqda


AQShda musulmonlar soni yildan yilga o'sib borar ekan, islom markazlari va masjidlarning musulmonlar hayotidagi ahamiyati ham o'zgarib bormoqda. Ko'p joylarda masjidlar an'anaviy ibodatxona roli bilan chegaralanmayapti.

Poytaxt Vashingtondan 50 kilometr narida, Virjiniya shatining Manassas shahrida Doril Nur nomli Virjiniya musulmonlar uyushmasi bor. Uning asoschilaridan biri afg'onistonlik o'zbek. Azim Bek ismli bu odam Afg'oniston Sovet Ittifoqi tomonidan bosib olingach, 80-yillar boshida AQShga kelib qoladi va bir necha musulmon bilan markazga asos soladi.

Uyushma prezidenti pokistonlik Muhammad Mahbubning aytishicha, musulmonlar avvaliga yerto'lada, keyin esa kichik bir uy sotib olib, o'sha yerda ibodat qilardi. Ularning soni ko'paygan sari markaz kattaroq joyga ko'chadi.

"Jamoamizga 1,200 musulmon a'zo. Iyd namozlarida besh mingga yaqin odam to'planadi. Markazni kengaytirish rejamiz bor."

Doril Nurda yoshlar va sport dasturlari bor. Yaqinda qizlar uchun ham ochiladi. Yakshanba kunlari Qur'ondan saboq beriladi. Markaz nodavlat tashkilot bo'lib siyosiy pozitsiyaga ega bo'la olmasada, turli siyosiy tadbirlar o'tkazib turadi.

"Uyushma qoshida nomzodlar kechasi o'tkazib turiladi. Ya'ni Kongressga nomzodlar bu yerga kelib musulmonlar bilan muloqot qiladi. 11 oktyabr kuni esa prezidentlikka nomzodlarning vakillari keladi," deydi Muhammad Mahbub.

AQShga Afg'onistondan ko'chib kelgan yaqin-atrofdagi o'zbeklar masjidga muntazam ravishda chiqib turadi. Uyushma direktorlar kengashining ikki a'zosi va o'tmishdagi prezidentilardan biri afg'onistonlik o'zbeklardan.

Virjiniya musulmonlar uyushmasi ayni damda qabriston uchun qo'shimcha 32 gektar yer olishga mablag' to'playapti.

XS
SM
MD
LG