Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan muloqotni kuchaytirmoqda


Latviya prezidenti Valdis Zatlersning O`zbekistonga tashrifi chog'ida Toshkentda biznes forum o'tkazilmoqda.

O`zbekiston va Latviya prezidentlari hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan. Zatlers respublikaga O`zbekiston rahbariyati taklifiga ko`ra kelgan. Undan oldin Qozog'istonga safar qilgan.

Zatlers 2005 yilgi Andijon fojelaridan so`ng Yevropa Ittifoqidan O'zbekistonga tashrif buyurgan birinchi davlat boshlig'i.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov nazarida Yevropa Ittifoqi a`zolari bilan munosabatlar muhim, ammo ular samarali bo`lishi uchun demokratik talablarga javob berish kerak. Uning fikricha Latviya kabi demokratik davlatlar O'zbekiston bilan keng hamkorlik qilishni istaydi.

"Lekin O`zbekiston ham o`zgarishlar qilishi kerak. Buyog`i endi hukumatga bog`liq. Bu faqatgina Latviya uchun kerak emas. Birinchi navbatda biz uchun kerak. Hukumat xalq farovonligini ko`tarmoqchi bo`lsa, munosabatlarni yaxshilashga astoydil harakat qilishi kerak", - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Tahlilchilar Yevropa Ittifoqi rasmiy Toshkentga nisbatan Andijon voqealari yuzasidan qo'yilgan sanksiyalarni yaqin kelajakda olib tashlashi mumkin. Latviya prezidentining O`zbekistonga tashrifi ham shu ehtimoldan dalolat sifatida ko`rilmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Varshavada inson huquqlari masalasi bo`yicha o`tgan uchrashuvida O'zbekistonga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasi muhokama qilingan.

Biroq sanksiyalar yuzasidan qaror chiqarish oldidan Toshkentda o'tkazilgan muhim tadbir - Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida matbuot erkinligi bo`yicha muloqot o`rnatishga qaratilgan xalqaro seminar natijasiz tugadi.

Mazkur seminar ishtirokchilari O`zbekistonda biror ijobiy o`zgarish bo'lganini tilga olmagan.

Seminarda qatnashgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti vakili Stiv Kroushou (Steve Crawshaw) respublikada "ayrim huquq himoyachilari ozod qilingan, biroq boshqalarini hibsga olish davom etmoqda-ku",- deya ta'kidlaydi.

Yevropa davlatlarining O`zbekistonga nisbatan siyosatni yumshatayotgani, deydi ayrim sharhlovchilar, ko`p jihatdan energetik resurslarga va mintaqaning geosiyosiy ahamiyatga ega ekani bilan bog`liq.

Ayniqsa, Rossiya-Gruziya urushidan so`ng Yevropa uchun Rossiyani aylanib o`tadigan energetik koridor zarurligi yanada dolzarblashgan. Latviya prezidentining Markaziy Osiyo bo`ylab safaridan maqsad ham yonilg'i boyliklari bo`yicha muzokaralar olib borish deydi ba'zi tahlilchilar.

Iskandar Xudoyberganovga ko`ra eksport yo`nalishlarini ko`paytirish O`zbekiston uchun ham dolzarb.

"O`zbekistonni bugungi iqtisodiy holati juda og`ir. Sababi bizda bitta yo`l bor, u ham Rossiya orqali. Shu yo`l orqali butun dunyo bilan iqtisodiy munosabat qilamiz. Agar iqtisodni rivojlantirmoqchi bo`sak, Rossiyadan tashqari boshqa yo`llar kerak, masalan Kavkaz koridori. Biz shu yo`l orqali Yevropaga chiqishimiz kerak. Iroq Eron tomonlarga ham chiqishimiz kerak. Bunga albatta Rossiya qarshi, G`arbni esa O`zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi qiziqtiradi, ayniqsa qazilmaga boy davlatlar", - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Latviya prezidenti O`zbekiston rahbari bilan 10 ga yaqin hamkorlik hujjati imzolaydi. Valdis Zatlers O`zbekistondan Turkmanistonga yo`l oladi.

XS
SM
MD
LG