Rays: AQSh Rossiya bilan hech qanday o'yin o'ynamayapti


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysning aytishicha Vashington-Qozog’iston, qolaversa Amerikaning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan aloqalari mustahkamlanib borayotgani Rossiyaga qarshi qadam emas.

"Bu Rossiyaning mintaqadagi ta’sirini kamaytirishga qaratilgan emas. AQSh-Rossiya Markaziy Osiyoni talashmoqda degan gaplar asossiz va haqiqatga to’g’ri kelmaydi",- dedi Kondoliza Rays Ostonaga qilgan safari davomida.

Rays fikricha mintaqada mustaqil davlatlar ravnaq topmoqda va kim bilan qanday munosabatda bo’lishni ularning o’zi belgilaydi.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Marat Tajin “mamlakatimiz ham Rossiya, ham AQSh bilan kuchli aloqalarga ega”,- deydi.

Kondoliza Rays kecha Ostonada prezident Nursulton Nazarboyev bilan muloqot qilib, energetika sohasidagi hamkorlik va Qozog’istonda siyosiy-iqtisodiy islohotlar qanday ketayotgani haqida gaplashgan.

Mamlakat 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qiladi. Ammo, deydi bu borada Qozog’stonni yaqindan quvvatlagan AQSh rasmiylari, ungacha respublika qator demokratik, jumladan matbuot va so’z erkinligi hamda siyosiy huquqlar ta’minlanganini isbotlay olishi shart.

XS
SM
MD
LG