Obama reytinglarda oldinda, respublikachilar hujumga o'tgan


Respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod, Alyaska shtati gubernatori Sara Peylin Obamani o'tmishda radikal qarashlari bilan tanish Bill Ayers bilan do'stlashganlikda ayblab, demokratlar nazarida, saylov kampaniyasini asosiy mavzulardan, xususan iqtisoddan, chalg'itmoqchi.

Ayers 1960-yillarda radikal guruhga asos solib, Vyetnamdagi urushga norozilik ramzi sifatida bir necha hukumat binolarini portlatganlikda ayblangan. Ayers ayblovlarni hech qachon inkor etmagan, ammo sudga ham tortilmagan. Keyinchalik esa Chikagoda muallimlik bilan shug'ullangan va o'sha yerda Obama bilan tanishib qolgan.

"Obama Amerikaga sizu men bu mamlakatga qaraganday qaramaydi. U Amerikani dunyo uchun yaxshilikka qodir davlat deb bilmaydi," degan Peylin kecha Florida shtatidagi chiqishida.

Obama Ayersni buning uchun qoralagan va u bilan hech qachon yaqin aloqada bo'lmaganini aytadi.

Shimoliy Karolinada saylov kampaniyasini o'tkazayotgan Obama nazarida ijtimoiy so'rovlar iqtisodiyotni mamlakat uchun birinchi raqamli mavzu qilib ko'rsatib turgan bir paytda Makkeyn guruhining jamoatchilik e'tiborini shaxsiyatga tegishli masalalarga qaratayotgani salbiy hol.

Siyosiy tahlilchilar fikricha Obamaning diqqatini moliyaviy inqirozga qaratganligi so'rovlarda reytingini oshirib yuborgan.

Obama va Makkeyn o'rtasidagi so'nggi debat 15 oktyabr kuni Nyu-Yorkda o'tkaziladi. Saylovlar 4 noyabrda bo'ladi.

XS
SM
MD
LG