Yevropa moliyaviy inqirozdan chiqish yo'llarini muhokama qilmoqda


Kecha jahon birjalarida aksiyalar bahosining keskin tushib ketganidan so'ng moliyaviy bozorlar hali o'ziga kelgani yo'q. Prezident Bushning aytishicha, u tomonidan o'tgan juma kuni imzolangan 700 milliard dollarlik yordam dasturining samara berishi uchun vaqt kerak.

Iqtisodchilar nazarida iqtisodiy o'sish to'xtamasligi uchun jahon bo'ylab foiz stavkalarini tushirishga kelishib olish kerak. AQShdagi moliyaviy inqiroz tufayli aksiyalar bahosi o'tgan yilga qaraganda 30 foizga tushgan, xaridorlik darajasi past.

AQSh Biznes iqtisodiyoti uyushmasiga ko'ra, Qo'shma Shtatlarda tanazzul alomatlari ayon. Uyushma mutaxassislarining aytishicha, uy narxlari tushib borar va kredit bozori muzlab qolgan ekan, tanazzulning qancha davom etishi hammani qiziqtirmoqda.

Uyushmaga yangi prezident etib tayinlangan Kris Varvares fikricha, bu hol uzoq davom etishi mumkin.

"Vaziyat bundanda yomonlashish ehtimoli bor. Ammo bunday bo'lmaydi degan umiddamiz. Hukumat va boshqa davlatlar o'zaro kelishgan holda vaziyatdan chiqish yo'lini topadi deb o'ylaymiz. Ammo bunga ishonch hozircha kam," deydi iqtisodiy tahlilchi.

Yevropa moliya vazirlari bu orada Lyuksemburgda mana shu masalalarni muhokama qilmoqda.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozining aytishicha, moliyaviy barqarorlikni ta'minlash uchun ittifoqqa a'zo barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib ish tutishi kerak.

Yevropadagi bir nechta davlat, jumladan Germaniya va Fransiya, omonatchilar pulini kafolatlash maqsadida ularni hukumat mablag'i hisobiga sug'urta qilgan.

Lyuksemburgdagi majlis davomida yevro bilan ish yurituvchi 15 mamlakat vazirlari moliyaviy tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurati xususida ham fikr almashadi. Yevropa Ittifoqi davlatlari AQShda Bush rejasi kabi dasturni qabul qilmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG