Makkeyn va Obama bir-birini layoqatsizlikda ayblamoqda


AQShda prezidentlikka nomzodlar Tennissi shtatida o'tgan saylovoldi debatida iqtisodiyot, xavfsizlik, tashqi siyosat va iqlimdagi o'zgarishlar haqida so'z talashdi.

Nomzodlar oddiy fuqarolardan tushgan savollarga javob berdi va o'zaro bahslashdi. Respublikachi Jon Makkeyn "Iroqdan faqat g'alaba bilan qaytamiz" desa, demokrat Barak Obama fikricha terrorga qarshi urush maydoni Afg'oniston bo'lishi kerak va asosiy e'tibor bugun Afg'on-Pokiston chegarasidagi ahvolga qaratilishi lozim.

Jon Makkeyn harbiy tajribasi bilan faxrlanadi va qonunchi sifatida uzoq yillik xizmatini ham tez-tez eslatmoqda. Senatda hali birinchi muddatini ham yakunlamagan Barak Obama, uning nazarida, hali juda xom. "Oq Uyga siyosatda pishgan arbobni saylash kerak", - deydi Makkeyn.

Barak Obama esa "Makkeyn Iroqda urush boshlash uchun ovoz bergan va vaziyat taqozo etganda to'g'ri qaror qabul qila olmaydi",- deydi.

"Senator Makkeyn Iroqda tez va oson g'alaba qilamiz, Iroq xalqi Amerika harbiylarini xaloskor deb quchoq ochib kutib oladi deb o'ylagan. Urush boshlanganiga 5 yildan oshibdi-ki, tugashidan haligacha darak yo'q".

Obamaga ko'ra AQSh terrorizmni yengmoqchi bo'lsa, Pokistondan qo'nim topgan Al-Qoida va Tolibonni yo'q qilish, rasmiy Islomobod bilan kelishib harakat qilish kerak.

"Ammo Pokiston ham oldidagi mas'uliyatni his etsin. AQSh Al-Qoida bemalol harakat qilayotganini ko'rib, jim tura olmaydi".

Jon Makkeyn nazarida tashqi siyosat bobida AQSh raqiblariga muloyim gapirib, kezi kelganda ularni jazolashga ham tayyor turishi kerak.

"Rossiya agressiyaga berilar ekan", deydi Makkeyn, "uning atrofidagi Ukraina va Gruziya kabi kichik demokratik davlatlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash zarur".

Senator Obama bu fikrga qo'shiladi va Latviya, Estoniya va Polsha singari mamlakatlar ham Amerika himoyasiga muhtoj deydi.

Har ikki nomzod Eron yadro dasturini AQSh xavfsizligiga tahdid deb biladi. Makkeyn va Obama Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori. Makkeyndan farqli ravishda, Barak Obama Eron va Shimoliy Koreya davlat rahbarlari bilan to'g'ridan-to'g'ri gaplashishga qarshi emas.

Makkeyn fikricha esa AQSh prezidenti dushmanlar bilan hech qanday shart va talabsiz muloqot qilmasligi kerak. AQShda prezident saylovlari 4 noyabr kuni o'tadi.
XS
SM
MD
LG