Jahonda iqtisodiy o'sish sur'ati keskin pasayishi kutilmoqda


Xalqaro Valyuta Jamg’armasiga (International Monetary Fund) ko’ra global moliyaviy inqiroz tufayli jahon iqtisodiyotining o’sish sur’ati keskin pasayishi kutilmoqda.

Iqtisodiy jarayonlarni kuzatuvchi va qashshoq davlatlarga qarz beruvchi bu tashkilot bergan ogohlantirish ketidan Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlari markaziy banklari foiz stavkalarini pasaytirushga qaror qilgan. Iqtisodchilar nazarida ushbu chora kapital bozorini jonlantirishi mumkin.

Vashingtonda Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Jahon Bankining qo’shma majlisi o’tmoqda. Jamg’arma bosh mutaxassisi Olivier Blanshardning aytishicha, inqiroz ayniqsa rivojlangan davlatlarga o’ta salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

“Dunyo davlatlari birgalikda moliyaviy va makroiqtisodiy choralar ko’rayotganiga qaramasdan”, deydi Blanshard, “iqtisodiy turg’unlik kelasi yil o’rtalarigacha davom etadi. 2009 yil oxiriga borib rivojlangan davlatlar biroz o’zini tiklab olishi mumkin”.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi ekspertlari, shuningdek, dunyo bo’ylab eksport miqdori kamayishi hamda kredit olish qimmatlashuvini bashorat qilmoqda. Tanazzulga turtki berayotgan asosiy omil, deydi iqtisodchilar, moliya tizimiga ishonch yo’qolganidir.

AQSh Moliya vaziri Genri Polson fikricha moliya bozorini tinchlantirish uchun joriy etilgan choralar mahsuli bir necha hafta ichida sezila boshlaydi.

Avvalo sarmoyadorlar ishonchini tiklash kerak. Dunyo markaziy banklari kelishib, foiz stavkalarini pasaytirgani ham qarz olishni osonlashtirishga qaratilgan.
XS
SM
MD
LG