Breaking News

AQSh razvedka hisobotida Afg'onistondagi ahvol ayanchli baholanadi


Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi harbiy strategiyani o'zgartirish ustida o'ylanmoqda. Mamlakatga qo'shimcha harbiy jo'natish masalasi muhokamada. Ammo ayrim mutaxassislar nazarida muammoni faqatgina harbiy yo'l bilan hal qilib bo'lmaydi. Siyosiy yechim topish kerak.

AQSh razvedka xizmatlari tomonidan tayyorlangan hisobotga ko'ra, Afg'onistonda vaziyat tobora yomonlashib bormoqda va Afg'oniston hukumati Tolibon ta'siri oldida ojiz. Hisobot hali tayyor emas, ammo u bilan tanish ba'zi rasmiylar bu haqda Nyu-York Tayms gazetasiga ma'lumot bergan.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi strategiyasini qayta ko'rib chiqmoqda. NATO qo'mondonlari qo'shimcha askar so'rayapti. Afg'onistondagi ahvol AQShdagi saylov kampaniyasidan katta o'rin olgan.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq xodimi Genri Kramptonning gazetaga aytishicha, AQSh va Yevropa davlatlari Afg'onistonni qayta qurish bobida 2001 yildan keyin bergan va'dalari ustidan haligacha chiqmagan.

Yillik hisobot AQShdagi 16 ta razvedka idorasi ma'lumotlari asosida tayyorlanadi va unda AQSh yuzlashayotgan xavf tahlil qilinadi.

AQSh Davlat departamenti rasmiylaridan birining aytishicha, Afg'onistonda jangarilarga qarshi samarali kurashish uchun viloyatlarda boshqaruv tizimini kuchaytirish kerak.

"Nyu-York Tayms"ga ko'ra, vaziyatni sinchkovlik bilan baholash uchun u yerga tez orada Bush ma'muriyatining Afg'oniston siyosati bo'yicha mas'ul rasmiysi boshchiligidagi ekspertlar guruhi boradi.

Afg'onistonlik jurnalist Nabi Misdaqning aytishicha, urushni harbiy yo'l bilan yutib bo'lmaydi. Jangarilar bilan muzokara qilish kerak, deydi u.

Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Ahmad Rashid fikricha, muammoga siyosiy yechim topish zarur. G'arb koalitsiyasi Afg'onistonda parchalanib bormoqda, deydi Rashid.

"AQSh va Britaniya Afg'oniston bo'yicha qator masalalar xususida kelishmovchiliklarga duch keldi. Masalan, afyun yetishtirishni cheklash yoki qo'shinlarni safarbar etish masalalarida. Yevropaliklar AQShda yangi prezident kelib strategiyaga o'zgartirishlar kiritishini kutayotgan ko'rinadi," deydi Ahmad Rashid.

Amerikalik jurnalist Roy Gatmen nazarida yangi strategiyani ishlab chiqayotganda, Afg'onistonda markaziy hukumatning zaifligini va mamlakat ko'plab qabila va etnik guruhlardan tashkil topganini hisobga olish kerak.

"AQSh buni boshida tushunmagan va katta xatolarga yo'l qo'ygan. AQSh hisobiga boyimoqchi bo'lgan dala qo'mondonlari bilan ish olib borgan," deydi Gatmen.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, al-Qoida va Tolibon Afg'onistondagi turli jangari guruhlar bilan hamkorlik qilmoqda. Razvedkaning yangi hisobotida prezident Hamid Karzayning hukumat ichida korrupsiyaga chek qo'yish yoki qoradori savdosiga qarshi kurashish salohiyati shubha ostiga qo'yilmoqda.

Shu kunlarda AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts NATOga a'zo davlatlar rasmiylari bilan uchrashib, Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborishni, agar buning iloji bo'lmasa, moliyaviy hissa qo'shishni so'rab bosim o'tkazishga harakat qilyapti.

XS
SM
MD
LG