Yirik banklar qisman davlat mulkiga aylanishi mumkin


Dunyoning boy hamda rivojlanayotgan davlatlari moliyaviy inqirozdan o'tib olishga qaratilgan reja bilan chiqmoqda.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasida o'tgan qator uchrashuvlarda, moliya vazirlari hamda markaziy bank rahbarlari besh bandli kelishuv loyihasini tasdiqlagan.

Hujjatda kasodga uchrayotgan banklarni qutqarish va kredit oqimini tiklash haqida so'z boradi. Uni Xalqaro Valyuta Jamg'armasining boshqaruv kengashiga a'zo 24 mamlakat ham yoqlamoqda.

Jamg'arma rahbari Dominik Straus Kanning aytishicha, "jahon iqtisodiyoti chuqur tanazzulda ekan, xalqaro hamjamiyat birgalikda harakat qilsagina natijaga erishishi mumkin. Shu ma'noda, katta-kichik davlatlarning, jumladan Xitoy, Braziliya, Rossiya va Hindiston bir yoqadan bosh chiqarib, hujjatni yoqlagani katta yutuqdir".

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi, deydi Kan, a'zo davlatlar moliyaviy ehtiyojlarini qoplash uchun favqulodda yordam ajratishga tayyor.

AQSh rahbari Jorj Bush ham muhokamalarda ishtirok etib, dunyo iqtisodiyoti oyoqqa turib oladi deya ishonch bildirmoqda.

Qo'shma Shtatlar Kongressi ipoteka bozorini barqarorlashtirish maqsadida ikki hafta ilgari 700 milliard dollar ajratishga rozilik bergan edi. Ayni paytda hukumat Yevropadagi ayrim davlatlar kabi banklarga to'g'ridan-to'g'ri kapital kiritish taklifini ham ko'rib chiqmoqda.

Jiddiy iqtisodiy muammolar bilan yuzlashayotgan Yevropa Ittifoqi a'zolari ham bugun Parijda yig'ilmoqda. Fransiya Iqtisodiyot vaziri Kristin Lagard so'zlariga ko'ra ittifoq aniq reja bilan chiqadi. Gap banklarga milliardlab yevro yordam ajratish haqida ketmoqda.
XS
SM
MD
LG