Kengash qilgan el ozmas, keng bichilgan to'n to'zmas


Bishkekda o`tgan MDH rahbarlari sammitida suv-energiya zaxiralaridan foydalanish masalasi ko’rib chiqilgan.

Sharhlovchilar fikricha, bu kabi muammolarni faqat hamjihatlik, integratasiya orqali yechish mumkin.

Biroq hozirgacha mintaqa davlatlari birgalikda ilgari surgan tashabbuslar muvaffaqqiyatsiz yakunlanganini kuzatish mumkin.

Mavjud fikrga ko’ra, davlatlar bunga tayyor emas, mintaqada siyosiy birlik yo`q.

Ayrim sharhlovchilar esa Markaziy Osyio birlashishi geosiyosiy kuchlar manfaatiga to’g’ri kelmasligini ta`kidlaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi hamon muhokamadan tushmayotgan, biroq amalga oshishi qiyin bo’lgan g’oya bo’lib qolmoqda.

Hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirish uchun bir necha tashabbuslar kuzatildi. Mintaqaviy integratsiyani tiklash, regional tashkilotlar tuzishda turli sabablar asos qilib olindi.

Iqtisodiy hamkorlik, tarixiy birlik, madaniy-diniy yaqinlik, turkey xalqlar til birligi, qolaversa, Yevropa Ittifoqi misolida ham global miqyosda birlashish ketayotgani kabi sabablar shular jumlasidan.

Biroq bu tashabbuslarning birortasi amalga oshmadi. Masalan, dastlab Markaziy Osiyo Ittifoqi deya atalmish reja Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga aylandi. Keyin bu tashkilot tarkibiga Rossiya qo`shilib, Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti degan nom paydo bo`ldi.

2007 yilga kelib esa mintaqa davlatlari rahbarlari, asosan, Qozog`iston va O`zbekiston tashkilotni Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati tarkibiga qo`shishni qo`llab-quvvtaladi.

Shu bilan mintaqa davlatlarining nomigagina bo`lsada rasmiy yig`ilishiga sabab bo`luvchi birorta mintaqaviy tashkilot qolmadi.

Markaziy Osiyo birlashuvi, integratsiyasiga doir tashabbuslar nima sababdan muvaffaqiyatsiz tugamoqda?

“Geosiyosiy ta’sir bor-yo`qligidan qat’iy nazar, davlatlar orasida uyg`unlik yo`q, aksariyat hollarda manfaatlar bir-biriga zid keladi. MDH, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti - bularning kelajagiga umid bilan qaragan taqdirimizda ham, ular mintaqa nuqtai nazaridan ikkinchi darajaga tushirilishi kerak. Birinchi galda Markaziy Osiyoning o`zi integratsiyaga kirishishi va bu boshqa tashkilotlarga a`zo bo`lib kirishning birinchi sharti sifatida qolishi kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Sharhlovchi Komron Aliyevning aytishicha, masala tashqi geosiyosiy kuchlar qarshiligida.

“Tashqi kuchlarning siyosati mintaqa davlatlarini birlashtirmaslikka qaratilgan. Ular Yevrosiyoni qoq o`rtasida kuchli bir iqtisodiy birlashuvdan manfaatdor emas. Ular hech qachon turkiy xalqlar birlashishini xohlamaydi. Aksincha, Rossiya ta`siri ostidagi bir qaram davlat bo`lishi kerak, tukiy davlatlar janubiy, sharqiy islomiy davlatlar bilan iloji boricha munosabatini cheklashi kerak. Transport yo`llari faqat Rossiya hududi orqali o`tishi kerak”, - deydi sharhlovchi.

Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tiklash haqida Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan bir necha bor gapirgan.

Ittifoq mintaqa o`rtasida joylashgan, eng ko`p aholiga ega O`zbekiston ishtirokisiz amalga oshishi qiyin.

O`zbekiston rahbari Islom Karimov Qozog`iston prezidenti bilan o`tgan uchrashuvida mintaqaviy ittifoq g`oyasini qo`llamasligini aytdi.

Islom Karimov buning sababini mintaqa davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi turli bosqichdaligi, siyosiy-ijtimoiy yo`nalishlarda farq mavjudligi bilan izohlagan edi.

Markaziy Osiyo integratsiyasidan kutilayotgan maqsadlar, natijalar ham turlicha izohlanadi. Qozog`iston prezidenti umumiy bozor tashkil qilish, ishlab chiqarish, mintaqaning mahsulotlar bilan o`zini o`zi ta`minlash imkoniyatlari haqida gapiradi.

Sharhlovchi Komron Aliyev nazarida mintaqa umumiy bozorga birlashsa, tez sur’atlarda rivojlanadi.

“Oxir-oqibat bu tashabbus 10 ga yaqin turkiy davlatlarni birlashtirishi va umumiy bozor yaratishi mumkin. 150 millionga yaqin aholi bo`ladi. Bu turkiy davlatlar iqtisodining keskin rivojlanishiga, sanoatning turli yo`nalishlari paydo bo`lishiga olib kelishi lozim”, - deydi Aliyev.

Sharhlovchi Muqimjon Qirg’izboyev fikriga ko`ra, turli iqtisodiy rivojlanish bosqichidagi davlatlarning birlashishi ziddiyatlarga ham sabab bo`lishi mumkin.

“Boy bo`lmagan va rivojlanayotgan davlatlarning birlashishi juda qiyin. Buning uchun hali vaqt kerak. Rivojlanish ko’rsatkichlari keskin farq qiladigan davlatlar birlashsa, ziddiyatlar, markazdan tashqaridagi kuchlarda esa qo`shilmaslik kayfiyati ustuvor bo`ladi”, - deydi sharhlovchi.

Ayrim sharhlovchilar ta’biricha, O`zbekiston Markaziy Osiyo ittifoqini tuzish tashabbusidan uzoqlashgani sababi shundaki, bu boradagi yetakchilik Qozog`iston tomonga o`tib ketgan.

Siyosiy kayfiyatlardan qat`iy nazar Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyat integratsiyani belgilovchi uchrashuvlar, muammolarni hal etuvchi aniq bir tashkilotga ehtiyoj borligini ko`rsatmoqda.

Yaqinda Bishkekda MDH va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati sammiti o`tganidan so’ng, mintaqa davlatlari prezidentlarini alohida tartibda yig`ilgani ham shunday ehtiyoj tufayli yuzaga kelgani ta`kidlanadi.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov nazarida Bishkek uchrashuvi mintaqa integratsiyasini belgilashda biror jiddiy ahamiyatga ega emas. Unda odatda barcha uchrashuvlardan chetda turgan Turkmaniston ishtirokini inobatga olmaganda.

Sharhlovchilar fikricha, Rossiyaning Kavkazdagi harbiy harakatlari geosiyosiy vaziyatda burilish yasagan, bu harbiy hakatlar MDH davlatlari tomonidan xavotir bilan qarshilangan, jumladan, mintaqa davlatlarida ham.

Bunday xavotirlar mintaqa integratsiyasiga qanday ta`sir ilqadi? Mintaqaning ikki yirik davlati - Qozo`giston va O`zbekiston siyosiy jihatdan birlashish zaruratini anglab yetadimi?

“Markaziy Osiyo integratsiyasi Qozog’iston yoki O`zbekiston tomonidan aytiladimi, bu mintaqa xalqlari, shu beshta davlatga bog’liq. Afsuski, bu davlatlar hozirgacha buni idrok eta olishmadi. Geosiyosiy jarayonlarda o`z manfaatlarini himoya qila olishmadi. Agar ular haqiqatda istiqbol integratsiyada ekanligini anglab, birlasha olsa, turli tashqi geosiyosiy zarbalarga ham munosib javob bera oladi. Afsuski, ular bu darajagacha ko`tarila olmayapti”, - deydi Farxod Tolipov.

Muxolifatdagi “Ozod Dehqonlar” partiyasi raisasi Nigora Hidoyatovaning aytishicha, geosiyosiy munosabatlardan mintaqa manfaatlari uchun foydalanish kerak.

“Men tashqi geosiyosiy kuchlar mintaqa integratsiyasiga qarshilik qila olishiga shubha qilaman. Masalan, Qozog`iston misolida ko`p qirrali tashqi siyosat muvaffaqiyat bilan yuritilayotganini kuzatayapmiz. Bu siyosatning asosiy mezoni milliy manfaatlar. Milliy manfaatlar esa bugun mintaqa yagona ittifoqqa birlashishi lozimligini taqozo etmoqda. Qozog`iston tomonini tashabbuslarini qo`llab-quvvatlayman”, - deydi Nigora Hidoyatova.

Markaziy Osiyo ittifoqi haqida gap ketganda ayrim siyosatshunoslar bir paytlar O`zbekiston tomonidan bildirilgan shunday tashabbusni qo`shni davlatlar qo`llamaganiga e`tibor qaratadi.

“Turkiston - umumiy uyimiz” degan tashabbusni kim ko`targan edi? O`zbekiston. Biroq qo`shnilarimizni u tomonga, bu tomonga o`zini tashlashi oqibatida bu tashbbuslar amalga oshmadi. Hozir bu tashabbusni ko`tarayotganlar O`zbekistonning avvalgi tashabbusini qaytarayapti deyish mumkin. O`shanda ham bordi-keldilarni yaxshilash, tovarlar erkin qatnovi kabi masalalar ko`rilgan”, - deydi siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoyev.

Markaziy Osiyo davlatlarini yagona ittifoqqa birlasha olmayotganliklari mintaqa yetakchilarining siyosiy ambitsiya-xohishiga bog`liq degan mulohazalar ham bor. Siyosiy ambitsiyalar mintaqa davlatlarini tobora bir- birida uzoqlashtirmoqda.

“Markaziy Osiyo respublikalari o`rtasida abadiy do`stlik haqida bitimlar tuzilgan. Biroq hozirgacha bo`lgan harakatlar ana shu abadiy do`stlik, birlashuvlarga teskari ravishda olib borilayapti. Vizalar o`rnatilgani, bojxona tizimi qattiqlashgani, bir-biriga tovarlar o`tkazmaslik, kontrabandaga qarshi kurash degan shiorlardan foydalanish, chegaralarni aniqlashtirish kabi masalalar sun’iy ravishda ko`tarilgan. Bu O`zbekistonda integratsiyaga kirishish uchun biror maqsad, g`oya yo`qligini ko`rsatadi”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

XS
SM
MD
LG