Saylovlar oldidan Internet qudratli axborot vositasiga aylandi


Bugun Internet tarmog’ida eng ko’p qo’llanilayotgan so’zlardan biri – blog.

Inglizcha “web” va “log” so’zlarini biriktirgan holda yaratilgan yangi atama internetda axborotni muntazam yangilash, tartiblash va keng ommaga uzatish bilan ta’riflanadi.

Blog - bu uning mualliflari, ya’ni bloggerlarning fikr-mulohazasi, sharh va izohi, qiziqish va ichki kechinmalarini yoritadigan kundalikdir.

Bugunga kelib blog dunyoning turli nuqtalaridan xabar beruvchi, sifat va tezlik jihatdan ommaviy axborot vositalari bilan tenglasha oladigan vosita hamdir.

Villiam Byutler Vashingtonda Internet kompaniyaga ishlaydi. Ishidan tashqari bloggerlik bilan shug’ullanadi.

“Har kuni sahifamizga 200 ga yaqin odam kiradi”, - deydi Byutler.

Fayz Shokir AQSh Taraqqiyot Markazi nomli, liberal siyosatni olg’a suruvchi tashkilot uchun yozadi.

“Tadqiqotchilar guruhimiz. Ishimiz ikki qismdan iborat. Har tong mustaqil tahlil va yangiliklardan iborat xabarnomamizni 80 ming obunachiga yuborish. Xavfsizlik, iqtisodiyot, soliqlar – barcha mavzu yoritilgan. Kundalik siyosiy blogimizda siyosiy axborot va sharhlar uzatiladi. 200 ming o’quvchimiz bor”, - deydi u.

Oddiy odamlarning siyosiy fikrlarini ifodalovchi bloglar Amerikada juda ommaviylashgan. Bloggerlar internetda prezidentlikka nomzodlar uchun mablag’ to’playdi, faollikka chorlab, saylovchilarni ro’yxatdan o’tishga undaydi.

Shunday blog mualliflari ham borki, ularning fikrlari Nyu-York Tayms kabi yirik gazetalarda keltirilib, shuhrat qozongan. Lekin bloglar, deydi professor Metyu Nisbet, ko’pincha odamlarni turli siyosiy qutblarga bo’lib qo’yadi.

“Blog oq’uvchilari aksar hollarda o’z fikr-qarashlarini ma’qullovchi bloglarga ergashadi. Deylik, demokrat va respublikachilar internet davra qurib, fikr almashayotganini, fakt va dalillar keltirilgan ma’noli bahsga aylanganini ko’rmaymiz”, - deydi professor Nisbet.

Prezidentlik uchun poyga davom etar ekan, liberal va progressiv saytlar ancha faollashgan. Aksariyati Iroqdagi urushga nisbatan norozilik to’lqinida paydo bo’lgan edi. Demokratik partiya munozaraga doimo tayyor, deydi Fayz Shokir.

“Qarabsizki, bugun internet tarmog’i progressiv g’oyalarni targ’ib qiluvchi bloglarga to’la. Mavzularni o’rtaga tashlab, muhokama qilishga nima yetsin”, - deydi blogger Fayz Shokir.

Villiam Byutlerga ko’ra, konservativ sharhlovchilarni bu qadar faol deb bo’lmaydi. Ular Bush ma’muriyati ichki va tashqi siyosatda yo’l qo’ygan xatolar, Iroq urushi xarajatlari hamda hukumat xususiy sektorga bosh suqayotganidan norozi.

”Siz qo’llab-quvvatlab kelgan partiyaning o’zi hokimiyatda bo’lib, xalq undan norozi bo’lsa, yangi bir harakatni vujudga keltirish qiyin. Ochig’ini aytganda, konservativ faollar Obamaga ham ergashishi mumkin. Respublikachilarni to’lqinlantira oladigan boshqa nima qoldi?”

Har ikki partiya bloggerlarning sharhlarini yaqindan kuzatib bormoqda. Raqobat maydonida fikr va sharh katta ahamiyatga ega.

XS
SM
MD
LG