Davlatlar moliyaviy inqirozni hamkorlikda hal qilmoqchi


Dam olish kunlari Xalqaro Valyuta Jamg'armasining Vashingtondagi bosh idorasida rivojlangan davlatlar moliya vazirlari jahondagi moliyaviy inqirozdan chiqish yo'llarini muhokama qilgan. Yevro pul birligida ish ko'rayotgan davlatlar o'z moliya institutlarini himoya qilish uchun qator choralar ko'rgan. Jamg'arma rahbari Dominik Stros-Kanning aytishicha, muammoni hal qilish uchun umumiy dastur qabul qilish kerak.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi ijrochi direktori nazarida Yevropadagi ayrim davlatlar ko'rgan choralar ijobiy samara beradi.

"Mavzu Katta Yettilikka a'zo davlatlar yig'ilishida ham, jamg'arma va Jahon Bankining yillik majlislarida ham qizg'in muhokama qilingan. Mening nazarimda boshqalar ham Yevropa davlatlaridagi choralarni joriy etishi kerak," deydi Kan.

Fransiya, Germaniya, Italiya kabi yevroda muomala qiluvchi mamlakatlar banklararo qarz berishga va pulga muhtoj banklarga hukumat tomonidan yordam berishga kelishib olgan. Bundan asosiy maqsad - sarmoyador ishonchini tiklab, kredit bozoriga jon kiritish.

Jahon banki prezidenti Robert Zellikning aytishicha, moliyaviy inqiroz, oziq-ovqat va yonilg'i narxlarining oshishi natijasida bu yili 100 millionga yaqin odam qashshoqlashdi. Qimmatbaho qog'ozlar bozoridagi tang ahvoldan asosan rivojlanayotgan davlatlar jabr ko'rmoqda.

"Bu inson keltirib chiqargan ofat. Uni hal qilish ham inson qo'lida. Har bir mamlakat muammoni o'zida hal etar ekan, boshqa mamlakatlarga yordam qo'lini cho'zishni ham unutmasligi lozim," deydi Zellik.

Bugun bir necha davlatda hukumat kredit bozorini jonlantirish maqsadida banklarga yordam puli ajratgan. Natijada Gong-Kong, Britaniya, Fransiya, Germaniya va AQSh birjalarida aksiyalar bahosi 4-10 foiz atrofida o'sgan. Ammo Moskva birjasida ko'rsatkichlar tushib, savdo to'xtatilgan.

Britaniya hukumati uchta yirik bankka 63 milliard dollardan oshiq pul berishini aytmoqda. Evaziga esa hukumat ularning aksiyalariga egalik qiladi.

XS
SM
MD
LG