AQSh moliyaviy inqirozni favqulodda chora bilan hal qilmoqchi


Prezident Jorj Bush Amerika bank tizimini inqirozdan chiqarishga qaratilgan yangi favqulodda choralar e'lon qilgan. AQSh hukumati bank aksiyalarini sotib olib ularni havoday zarur bo'lgan sarmoya oqimi bilan ta'minlaydi. Bush fikricha bu chora muzlab qolgan kredit tizimining qayta jonlanishiga yordam beradi.

"Hukumat kiritayotgan yangi kapital hisobiga ishi yurishayotgan banklar mijozlari va kichik biznes uchun qarz berishni tiklaydi. Ishi yurishmayotgan banklar esa moliyaviy inqiroz oqibatida ko'rgan zararni qoplashga va faoliyatini jonlantirishga erishadi," deydi Bush.

Bundan tashqari hukumat qisqa muddatli banklararo kreditlarni kafolatlaydi. Prezident Bushning aytishicha, bu choralar vaqtincha. Hukumat erkin bozorni o'z nazorati ostiga olmoqchi emas, aksincha uni himoya qilmoqchi, deydi u. Bank aksiyalari 700 milliard dollarlik jamg'arma hisobidan xarid qilinadi. Taxminlarga ko'ra, buning uchun 250 milliard dollar sarflanadi.

Kecha Kongressdagi demokrat qonunchilar yetakchi itqisodchilar bilan uchrashib, iqtisodiyotni jonlantirish borasida muloqot qilgan. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o'tgan.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosining uchrashuvdan so'ng aytishicha, muloqot chog'ida mamlakat infratuzilmasi, sog'liqni saqlash tizimi, alohida shtatlarga yordam, ishsizlik bo'yicha sug'urta kabi masalalar ko'tarilgan.

AQSh hukumati tatbiq etayotgan choralar Yevropaning ba'zi mamlakatlarida ham o'tgan hafta joriy etildi. Yevropa davlatlari moliyaviy muammolarni birgalikda hal etishga harakat qilmoqda. Yevro pul birligida muomala qiluvchi 15 davlat hukumatlari banklararo kreditni kafolatlashga kelishib oldi.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozining aytishicha, ushbu davlatlarga Britaniya ham qo'shilgan.

"Xususiy banklarga berilgan hukumat kafolatlari kelasi yil dekabr oyigacha amal qiladi. Bundan tashqari hukumatlar yangi kreditlarni besh yilgacha kafolatlashga kelishgan," deydi Sarkozi.

Yevropa davlatlari qit'a moliya tizimiga yordam tariqasida 2 trillion dollargacha pul ajratishi kutilmoqda. AQSh va Yevropada hukumatlarning moliya bozorini qutqarishga astoydil bel bog'lagani birjalarda ijobiy qabul qilinib, aksiyalar bahosi ko'tarila boshlagan. Tokioda 14 foizga, Yevropada esa 5-7 foiz atrofida.

XS
SM
MD
LG