Breaking News

Vashington va Kobul Tolibon bilan gaplashish ustida o'ylanmoqda


Afg’onistonda qonli to’qnashuvlar davom etar ekan, asosan tinch aholi jabr ko’rmoqda. Koalitsiya va mahalliy qo’shin safida talofatlar har qachongidan yuqori.

Afg’oniston hukumati Tolibon bilan muzokara qilish masalasini ko’tarmoqda; Qo’shma Shtatlar Mudofaa vaziri Robert Geyts “ehtimol, shunday yo’l tutish kerakdir” demoqda.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibon yetakchisi Mulla Muhammad Umarni muloqotga chaqirib, qurol tashlashga da’vat egan.

Hamid Karzayning aytishicha, Tolibon safidagi afg’onlar vatanga qaytishi, bunyodkorlik ishlarida ishtirok etib, Afg’onistonni obod qilishda yordam berishi mumkin.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida Afg’oniston hukumati toliblar bilan muzokara boshlashga haqli va Vashington bu tashabbusni qo’llab-quvvatlaydi. Biroq Al-Qoida bilan emas.

Tahlilchi Jon Gastrayt fikricha, Qo’shma Shtatlar Afg’oniston aholisi, u yerdagi siyosiy kuchlar va isyonkor guruhlarni boshqaruvga jalb qilishga urinmoqda. Toki ular vatan uchun mas’uliyatni his qilsin, deydi Davlat departamenti sobiq xodimi.

Afg’onistondan esa hamon faqat mash’um xabarlar kelmoqda.

Demak, deydi tahlilchi Jon Gastrayt, amaldagi reja ish bermayapti, uni o’zgartirish kerak. Isyonchilarni gapga ko’ndirish, ularga demokratiya, tinchlik va osuda hayot haqida nasihat qilish kerak, deydi u.

Prezident Hamid Karzay yordam so’rab, Saudiya Arabistoni qiroli Abdullaga murojaat qilgan. Xabarlarga ko’ra, qirol har ikki tomonni Makkaga chaqirib, uchrashtirgan. Ammo hozircha biror natija yo’q.

Afg’oniston bilan yaxshi tanish olim Marvin Veynbaum muzokaralar samara berishiga ishonmaydi.

Marvin Veynbaum nazarida toliblarning hech kim bilan murosa qilish niyati yo’q. Maqsad – muloqot boshlash, rahbariyat bilan bab-baravar turib gaplashish.

Allaqanday yerosti, hufiya terrorchilardek emas, balki teng mavqedagi siyosiy kuch sifatida. Shunga erishgani zahoti, xalq orasida nomini oqlab olgani zahoti Tolibon so’zini qaytib oladi, deydi Marvin Veynbaum.

Haydar Malik AQSh Mudofaa vazirligiga qarashli Qo’shma Operatsiyalar Universitetida ishlaydi. Uning aytishicha, Afg’oniston xalqi anoyimas, Tolibon baribir bo’yin egishga majbur bo’ladi. Chunki aholini tibbiy xizmat, ta’lim, oziq-ovqat va tinchlik bilan ta’minlash uning qo’lidan kelmaydi.

Toliblar moliyaviy jihatdan zaif, mablag’ muntazam ravishda kelib turmaydi. Agar o’z foydasini bilsa, aqlini ishlatsa, bitim imzolaydi, deydi Haydar Malik.

Tolibon va rasmiy Kobul murosaga kela olsa, Al-Qoida yengiladi, deydi tahlilchi. Bitim imzolanmagan taqdirda ham bu muloqot Tolibon va Al-Qoida o’rtasidagi rishtalarni uzishi mumkin, deydi u.

XS
SM
MD
LG