Huquq faollari Yevropa Ittifoqining so'nggi qaroridan norozi


Yevropa Ittifoqi O’zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiyalarni yumshatgani mamlakatda tazyiq ostida ish yuritadigan faollar tomonidan xavotir bilan qarshilanmoqda.

Ittifoqning kechagi qaroriga ko’ra, O’zbekistonga qurol-aslaha sotish ta’qiqlanganicha qoladi, ammo Andijon voqealari ketidan Yevropaga safar qilishi cheklangan rasmiylar uchun darvoza ochiq.

Ittifoq nazarida O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli hamon achinarli va tashkilot respublika hukumatini siyosiy islohotlarni jadallashtirishga, oshkoralik tomon qadam tashlashga, xalqaro qonunlarga rioya qilishga va shu kungacha qabul qilingan qonunlarni amalga oshirishga chaqirmoqda.

Lekin, deydi huquq himoyachilari, vaziyatni yaxshilash uchun Yevropa Ittifoqi Islom Karimov ma’muriyatiga nisbatan kuchliroq bosim usulini tanlashi kerak edi.

Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh vakili Abdusalom Ergashev fikriga ko`ra, boshidanoq yumshoq sanksiyalarning tanlanishi inson huquqlari bo’yicha muloqot samarasiz kechishiga turtki bergan.

“O`zbekiston hukumatini rivojlanish tomonga yo`naltirish, qattiqroq turish kerak edi. Hozir sanksiyalar bor-yo’qligi hukumatni ortiqcha bezovta qilgani yo’q”, - deydi Abdusalom Ergashev.

Yevropa Ittifoqining Andijon fojeasi bois joriy etgan sanksiyalarning bosh talabi mustaqil tergov o`tkazish edi. Bu talab amalga oshmadi.

Keyinchalik sanksiyalar O`zbekiston hukumati bilan inson huquqlarini yaxshilash yo’lidagi muloqot vositasi bo’lib xizmat qildi. Sanksiyalar yumshatilishi yoki og'irlashishi O`zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyatga bog`landi.

Yevropa Ittifoqining bayonotida O`zbekiston hukumati inson huquqlarini yaxshilashda qator qadamlar qo`ygani ta`kidlandi. Shuningdek, mamlakatda bir necha huquq himoyachilari ozodlikka chiqqani olqishlandi.

Sharhlovchilar nazarida sanksiyalar muhokamaga chiqqanidan buyon sekin-asta yumshatilmoqda, biroq vaziyatda o`zgarish bor deb bo`lmaydi.

Ayniqsa, sanksiyalar muhokamaga chiqishidan bir necha kun avval mustaqil jurnalist va huquq himoyachisi Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinishi keskin e`tirozlarga sabab bo`ldi.

Solijon Abdurahmonovning jinoiy ishi soxtalashtirilgani, u mustaqil jurnalist va huquq himoyachisi ekani uchun shafqatsiz ravishda jazolanayotgani ta`kidlanadi.

O`zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, huquq himoyachilari Yevropa Ittifoqiga O`zbekiston rasmiylarining xorijdagi bank hisoblarini muzlatishni taklif etgan.

“O’shanda hukumat harakatga tushib qolardi. Samarali ta`sir qiladigan narsani sanksiya sifatida tanlash lozim. Hukumatni haqiqatda inson huquqlarini hurmat qilishga undovchi, o`zi imzo chekkan xalqaro qonunlarga bo`ysindiruvchi omil bu”, - deydi Sur’at Ikromov.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni yumshatishga qaror qilishida Toshkentda matbuot erkinligi bo’yicha xalqaro konferensiya o`tgani ham rol o’ynagani ta`kidlanmoqda.

Biroq konferensiya ishtirokchilari nazarida rasmiy Toshkent aslida so`z erkinligi bo`yicha hech qanday muloqotga bormoqchi emas.

“Yo`l ochilishi uchun turli tadbirlar o`tkazilayapti. Mana Inson huquqlari butunjahon deklaratsiyasining 60 yilligi bo`yicha qator tadbirlar o`tishi rejalangan. O`sha tadbirlardan biri sifatida Solijon Abdurahmonov va A`zam Turg`unovlar qamaldi”, - deydi bu borada “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Ishoqova.

Yevropa Ittifoqi O`zbekiston bilan mintaqa bilan aloqa qilish yo’lida ma’qullangan umumiy strategiya doirasida hamkorlik qiladi. Bu strategiyaning bosh maqsadi Yevropa Ittifoqining energetik xavfsizligini ta`minlash.

Sharhlovchilarning aytishicha, O`zbekistonga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning bosqichma-bosqich yumshab borishida energetik manfaatlarning roli katta.

13 oktabr kuni Yevropa Ittifoqi O`zbekiston rasmiylaridan bir guruhining Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqilovchi chorani bekor qildi, biroq O`zbekistonga qurol-yarog` sotishni taqiqlovchi band o’z kuchini saqlab qoldi.

XS
SM
MD
LG