Breaking News

Ozarbayjonda prezident saylovlari o'tdi


Bugun Ozarbayjonda prezident saylovlari o'tdi. Amaldagi prezident Ilhom Aliyev ikkinchi marotaba saylanishga umid qilyapti. Mutaxassislar nazarida muxolifatchi nomzodlarning saylovlarda g'alaba qozonish imkoniyati yo'q hisob. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, saylovlarda ovoz beruvchilarning 65 foizi qatnashgan.

Ilhom Aliyev marhum prezident Haydar Aliyevning o'g'li. 2003 yili otasi vafot etmasidan bir necha oy oldin uni hukmron "Yangi Ozarbayjon" partiyasiga rahbar etib tayinlaydi. Ilhom Aliyev oktyabrdagi saylovlarda ishonchli g'alabaga erishadi. Saylovlar xalqaro hamjamiyat tomonidan erkin o'tmagan deya tanqid qilinadi. Besh yil o'tgach Ilhom Aliyev saylovlarda o'z nomzodini qayta qo'ydi. Uning g'alaba qilishiga hech kim shubha qilmayapti.

Ozarbayjondagi "Trend" axborot agentligi bo'limi mudirasi Aynur Gasimovaning aytishicha, Ilhom Aliyev o'zini ajoyib rahbar sifatida namoyish eta oldi.

"Ayniqsa yaqinda Kavkazda sodir bo'lgan voqealar fonida u tashqi siyosatda muvozanatni saqlay olishini ko'rsatib berdi. Iqtisodiyotni oladigan bo'lsak ham, ijobiy o'zgarishlar kuzatildi, turli loyihalar amalga oshdi. So'nggi besh yil ichida salbiy o'zgarishlar yuz berdi deb aytolmayman."

Poygada muxolif partiyalardan olti kishi ishtirok etdi. Ba'zi muxolif guruhlar saylovlarni boykot qilgan.

"Musavat" partiyasi rahbari Iso Gambarning ta'kidlashicha, saylovlar navbatdagi tomoshadan boshqa hech narsa emas. Uning aytishicha, oltita muxolif partiya a'zolarini ovoz bermaslikka chaqirgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, G'arb Aliyevning joyida qolishidan manfaatdor, chunki Yevropa yonilg'i olishning muqobil yo'llarini izlar va Rossiyaning ta'minotchi sifatidagi rolini cheklashga intilar ekan, G'arbga moyil siyosati bilan ko'zga ko'ringan Ilhom Aliyevning qayta saylanishi juda muhim.

Xorijdagi ozarbayjonliklarning aksariyati Aliyevga ovoz berishini ma'lum qilgan. Jumladan, O'zbekiston va AQShda o'qib, mehnat qilayotganlar.

Vashingtonda joylashgan AQSh-Ozarbayjon Tarmog'i rahbari Odil Bagirovning aytishicha, Ilhom Aliyev ozarbayjonliklarni qiziqtirayotgan barcha masalalar bo'yicha o'zini layoqatli rahbar etib ko'rsatgan. Xususan iqtisodiyot va Tog'li Qorabog' masalalarida.

"Jahon bankining yaqinda chiqqan hisobotida Ozarbayjon eng islohotlashgan davlat sifatida e'tirof etilgan. Bundan tashqari boshqa sohalarda ham katta yutuqlarga erishildi. Muxolifatchi nomzodlarda buning uchun tajriba yo'q. Dasturlari ham juda sayoz. Ulardan biri Tog'li Qorabog' muammosini olti oyda hal etishga va'da beryapti, ammo bu quruq gap xolos. Bunga qanday erishish mumkinligi haqida esa lom-lim demaydi," deydi Bagirov.

2003 yilgi prezident saylovlaridan so'ng minglab kishilar namoyishga chiqib saylov natijalariga norozilik bildirgan. Yuzlab namoyishchilar politsiya tomonidan kaltaklangan edi. 2005 yilgi parlament saylovlari ham ko'p ming sonli namoyishlarga sabab bo'lib, politsiya bilan to'qnashuvda to'rt kishi halok bo'lgan edi. Mutaxassislar nazarida bu galgi saylovlar tartibsizliklar va zo'ravonliklardan xoli bo'ladi.

Bunga asosiy sabab, deydi jurnalist Aynur Gasimova, mamlakatda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning nisbatan ta'minlangani va muxolifatning yanada tarqoqligi.

"Muxolifatda birlik yo'q. Ular Aliyevga qarshi yagona nomzodni ko'rsata olmadi. Chunki o'sha yagona nomzod kim bo'lishiga kelishib olishmagan. Shuning uchun ham har biri alohida nomzod ko'rsatishga majbur bo'ldi. Jami olti kishi. Buning zaminida ham shaxsiy omillar, ham muxolif partiyalar siyosati o'rtasidagi tavofutlar yotibdi," deydi Aynur Gasimova.

AQSh Davlat kotibining muovini Jon Negroponte so'nggi ikki yil ichida mamlakatda katta ijobiy o'zgarishlar yuz berganini aytib, saylovlar ochiq va erkin o'tkazilishiga umid bildirgan.

Bugungi saylovlarni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan 400 ga yaqin mutaxassis kuzatmoqda.

"Ozarbayjonning AQShdagi bosh konsuli Elin Suleymanovning aytishicha, Yevropa tashkilotining dastlabki bahosiga ko'ra, saylov kampaniyasi qoniqarli o'tgan va qonun buzarliklar qayd etilmagan."

XS
SM
MD
LG