Breaking News

Obama-Makkeyn. Debatlar tugadi, navbat saylovga


Kecha Nyu-York shtatida prezidentlikka nomzodlar respublikachi Jon Makkeyn va demokrat Barak Obama saylovlardan oldingi so'nggi teledebatda ishtirok etdilar. Munozara asosan iqtisodiyot, ta'lim, sog'liqni saqlash va nomzodlarning shaxsi haqida bo'ldi.

Bu nomzodlarning uchinchi teledebati edi. Respublikachi Jon Makkeyn o'zini partiyadoshi, amaldagi prezident Jorj Bushdan uzoqroq tutishga harakat qilib, dasturi o'zgacha bo'lishini aytdi. Fuqarolarga yangi soliqlar solinmaydi deb, Obamani soliqlarni oshirishga harakat qilayotganlikda aybladi.

"Soliqlarni nega oshirmoqchisiz? Mamlakat boshidan og'ir kunlarni kechirayotgan bir paytda bunga ehtiyoj bormi?" deya Obamadan so'raydi Makkeyn.

Obamaning aytishicha, u aksincha o'rta hol amerikaliklar solig'ini tushirmoqchi. Makkeyn prezident etib saylansa, deydi Obama, Bush iqtisodiy siyosatining davomini ko'ramiz.

"Soliq, energetika, xarajatlar masalasida hamisha prezident Bushni qo'llab-quvvatlab kelgansiz. Siz taklif qilayotgan dastur so'nggi sakkiz yillik siyosatning davomidir. Amerikaliklar bunday siyosat ish bermasligini anglab yetgan. Biz boshqa yo'ldan borishimiz kerak," deydi Obama Makkeynga murojaat etib.

Makkeyn o'z navbatida Obamaning o'tmishini, uni shubhali shaxslar va tashkilotlar bilan aloqalarini ko'tardi.

Tomonlar bir-birini saylov kampaniyasi davomida shaxsiyatga hujumlarda aybladi. Nomzodlar shuningdek erkin savdo, adliya tizimi, abort qilish huquqi va oliy ta'lim tizimi haqida o'z pozitsiyalarini bildirdi.

Ayrim ijtimoiy so'rovlarga ko'ra Obama Makkeyndan 7 foiz oldinda ketmoqda. Ammo bu galgi saylovlarda kimga ovoz berishni bilmay ikkilanib turgan saylovchilar soni to'rt yil oldingiga qaraganda ikki baravar ko'pligi aytilmoqda.

Saylovlar 4 noyabrda o'tkaziladi. Shu kuni Senat va Vakillar Palatasiga ham saylovlar bo'ladi.

XS
SM
MD
LG