Geyts global tahdidlarga qarshi yangicha kurash taklif qilmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Afg'onistondagi kabi xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf qilish uchun yangi turdagi tashkilotlar tuzmog'i kerak. Bunday tashkilotlar ham harbiy, ham noharbiy vazifalarni bajarish salohiyatiga ega bo'lishi zarur, deydi u.

Robert Geyts ta'biricha, Qo'shma Shtatlar bu kabi institutlarni yaratishda yoki mavjud tashkilotlarni isloh qilishda bosh-qosh bo'lishi darkor.

"Eskicha ish uslubimizni o'zgartirib, global muammolar bilan shug'ullanuvchi ham mahalliy, ham xalqaro tashkilotlar yaratishga tayyor turishimiz kerak," deydi Geyts.

Bunday muammolar qatoriga etnik ziddiyatlar, iqtisodiy tanazzul, tabiiy ofat hamda epidemiya kiradi.

"Zaif davlatlarda mazkur muammolar ba'zida zo'ravonliklarga olib kelishi, bu esa mamlakatlarni yanada zaiflashtirib uni terrorchilar iniga aylantirishi mumkin," deydi AQSh mudofaa vaziri.

Terrorchi va jangarilarga qarshi kurashda mamlakatlar o'z harbiylari faoliyati doirasini cheklamasligi zarur. Zaif mamlakatlarda mahalliy armiyani tayyorlash tajribasiga ega bo'lish kerak. Iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, hukumat boshqaruvini yaxshilash, qayta qurish ishlarini olib borish, qoradori savdosiga qarshi samarali kurashish uchun yetarlicha bilim va salohiyatga ega bo'lish lozim.

Geyts ta'biricha Afg'oniston bu borada sinov maydonidir.

"Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishish uchun NATO, Yevropa Ittifoqi, nodavlat tashkilotlar va boshqa guruhlar o'z harakatlarini o'zaro va Afg'oniston hukumati bilan muvofiqlashtirishi zarur. Ayni damda buni ko'rmayapmiz," deydi Robert Geyts.

Vazir nazarida xalqaro koalitsiya Afg'onistonda mamlakat etnik tizimini hisobga olmagan. Bir-biridan farq qiluvchi yuzlab qabilalar borligini inkor etgan va ayni damda mahalliy yetakchilar bilan ishlashga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG