Amerikaliklar prezidentga ovoz bera boshlagan


AQShda saylovlar noyabr oyining to’rtinchi kuniga belgilangan. O’sha kuni 150 millionga yaqin fuqaro saylov uchastkalariga borishi kutilmoqda. Ammo ayrimlar allaqachon ovoz berib bo’lgan.

Saylov komissiyasiga ko’ra ko’plab saylovchilar prezident uchun muddatdan avval ovoz berishni ma’qul ko’rmoqda. Bunga ularning qonunan haqqi bor. Kimdir saylov kuni vatanida bo’lmasligi yoki biror sabab bilan ovoz berishga ulgurmasligi mumkin. Ogayoda odamlar erta tongdan navbatda turyapti.

”Garri Potter kitobini olaman, sport poyafzali yoki video o’yinlarning eng so’nggisini olaman deb navbatda turamiz-ku! Bu axir davlat rahbari uchun saylov, demokratik jarayon fidoiylik talab qiladi…”,- deydi saylovchilardan biri.

Jorjiya shtatida esa saylov rasmiylari olomonni eplay olmay, vaziyatdan shikoyat qila boshlagan. Soatlab navbat kutganlar ham xunob.

”4 noyabr kuni nima bo’ladi, bilmayman. Odamlar yaxshiyam hozirdan ovoz bera boshlagan. Olomonni qarang”,- deydi yana bir saylovchi.

”Amerika tarixida hech qachon shuncha odam ovoz berishga chiqmagan. Dunyo bizni kuzatyapti”,- deydi yana bir amerikalik.

Erta ovoz berish o’tgan yillar ichida odat tusiga kirgan. Shtat va okrug rasmiylarining taxminicha saylovchilarning 33 foizi 4 noyabrgacha ovoz berib bo’ladi. 2004 yilda saylovchilarning chorak qismi shunday qilgan edi. Ayrim fuqarolar ovoz berishga “bugungi iqtisodiy ahvol majbur qilyapti meni” deydi.

”Iqtisod chatoq ekan, odamlar siyosatdan norozi ekanini ovoz berib namoyish etishi kerak”.

Siyosatshunos olim Dennis Jonson prezidentlikka nomzodlar hozir odamlarning ko’ngliga yo’l topish uchun har narsaga tayyor payt deydi.

”O’z pozitsiyalarini bu nomzodlar hali unaqasiga, hali bunaqasiga tushuntirishdan charchamaydi. Bir gapni qayta-qayta aytavergani sari odamlar ham masalalar haqida ancha o’ylanib, ovoz berishga oshiqyapti”,- deydi Jonson.

AQShning ikki senatori Oq Uyni egallash uchun jon-jahdi bilan kurashar ekan, shu paytgacha ovoz berish xayoliga ham kelmagan fuqarolar ro’yxatdan o’ta boshlagan. Chunki Amerikada rahbarlik lavozimiga shu paytgacha birorta qora tanli ravo ko’rilmagan.

Lekin ovoz berish juda qaltis jarayon. Saylovchilarni ro’yxatga olishdan tortib, ovozni sanashgacha. Ogayo shtatida, masalan, bir kishi bir necha ism bilan registratsiya qilingan. Kimligi so’rab-surishtirilmagan.

”Bilasizmi, qing’ir ishlarni qilishga usta odamlar ko’p”,- deydi saylov komissiyasi vakilllaridan biri.

Fuqarolarni ovoz berishga undovchi tashkilotlardan biri – ACORN katta xatolarda ayblanmoqda. Las Vegasda uning bosh idorasi tintuv qilinib, katta tergov ishi ochilgan.

ACORN xodimi Frank Biti esa “respublikachilar saylovda boy berishdan qo’rqib bizga tuhmat qilyapti” deydi.

”Respublikachilar biladiki, bizning tashviqotimiz natijasida ovoz berishga qaror qilgan amerikaliklarning aksariyati Barak Obama tarafdori. Unga ovoz berishmoqchi. Qarabsizki, respublikachilar bizni qora ishlarda ayblay boshlagan. Maqsad bu odamlarning ovoz berishini cheklash",- deydi ACORN xodimi.

Ayni kunlarda AQSh Adliya vazirligi saylovchilar ro’yxati bilan bog’liq 90 ishni ko’rib chiqmoqda. Ovoz berishga haqqi yo’q odamlar registratsiyadan o’tgan. Kimlardir bunga majburlangan.

Saylovlarni yaqindan kuzatuvchi professor Kurtis Gans siyosiy partiyalarni turli nayranglarda ayblaydi. Ayniqsa, agar poyga keskin kechayotgan bo’lsa, oradagi farq juda oz bo’lsa.

”Amerika jamiyat sifatida qoq ikkiga bo’linib qolgan. Siz yo demokratsiz, yoki respublikachi. Har ikki yilda umummamlakat saylovlari o’tkazilganda, har ikki partiya biror buzg’unchilik yo’lini topadi”,- deydi Gans.

Saylov komissiyasi esa 4 noyabrda biror jiddiy xatolar kuzatilmaydi degan umidda. Ovoz berish markazlari gavjum bo’lishi tabiiy, lekin har bir fuqaroga o’z uzviy huquqidan foydalanish uchun barcha imkoniyatlar yaratilishi kerak.

XS
SM
MD
LG